Toshkent shahrida aholi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini oshirish taklif qilinmoqda. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi direktori Alisher Xayitmetov 8-fevral kuni xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida shunday taklif bilan chiqdi.

Aholi uchun tarif bir Gkal uchun 91 960 so‘mdan 105 754 so‘mgacha oshirilishi rejalashtirilgan.

“Hozirgi kunda asosiy tarif [issiq suv uchun] 664 ming so‘mni tashkil etadi. Buning 14 foizini, ya’ni 91 960 so‘mini aholi to‘laydi. Qolgan 570 ming so‘mi mahalliy budjetdan subsidiya shaklida ajratilgan. Mahalliy budjetga yukni kamaytirish uchun [tarifni] 15 foizga oshirish va 105 754 so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda. Shunda aholi bazaviy tarifning 16 foizini to‘laydi”, — deydi u “Yoshlar” telekanali reportajida.

Alisher Xayitmetov. Foto: Toshkent shahri kengashi.Alisher Xayitmetov. Foto: Toshkent shahri kengashi.

Deputat Naima Jabborova krandan sovuq suv kelayotgani, uning isishi uchun uzoq kutishga to‘g‘ri kelayotganidan shikoyat qildi. U sovuq suv oqimini hisobga oladigan hisoblagichlarni o‘rnatish va’dalarini eslatdi, shuningdek, issiq suvning sifatsizligi haqida gapirib, hali ham “sariq suv” oqayotganini ta’kidladi.

Alisher Xayitmetov muammolar borligini tan olib, ularni 1−2 yil ichida hal qilib bo‘lmasligini, biroq bu borada ish olib borilayotganini ta’kidladi.

Yana bir deputat Husniddin Ergashev Veolia kompaniyasini yuqori baholab, ushbu kompaniya faoliyat yuritayotgan hududlarda aholi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun ekanini ta’kidladi. U kompaniyani quvurlarni ta’mirlash va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirdi.

Telekanal reportajida deputatlar bu taklifga qanday javob bergani haqida ma’lumot berilmagan. Ulardan birining “Gazeta.uz"ga aytishicha, taklif ma’qullangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yakuniga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflari 1,5 baravarga, budjet muassasalari uchun esa 1,6 barobarga oshgandi. O‘shanda aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qolgandi, Veolia Energy kompaniyasining issiqlik ta’minoti uchun bazaviy tarifi 67,3 foizga — 664 465 so‘mga oshgan.

Poytaxt budjeti barcha xarajatlarining to‘rtdan bir qismi aholi uchun pasaytirilgan tariflardan foydalanish natijasida issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplashga yo‘naltiriladi. 2024-yilda buning uchun 1,97 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu 2023-yil prognozidan (1,6 trillion so‘m) 22,8 foizga ko‘p.