Copernicus Yevropa iqlim xizmati hisobotiga ko‘ra, 2024-yil yanvar oyi rekord darajada issiq bo‘ldi. O‘tgan oyda o‘rtacha global harorat 13,14 darajani tashkil etdi, bu 1850−1900-yillardagi sanoatdan oldingi darajadan 1,66 darajaga yuqori.

Copernicus`da ta’kidlanishicha, joriy yilning yanvari ketma-ket sakkizinchi eng issiq oy bo‘ldi — rekord darajalar 2023-yil iyunidan beri qayd etilmoqda.

O‘tgan yildagi global harorat ham rekord darajadagi eng yuqorisi bo‘ldi: sanoatdan oldingi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,52 daraja baland.

Termometr janubiy Yevropa, sharqiy Kanada, shimoli-g‘arbiy Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori haroratlarni ko‘rsatdi.

Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berdjess issiqxona gazlari chiqindilarini tezroq kamaytirish global haroratning ko‘tarilishini to‘xtatishning yagona yo‘li ekanini qayd etdi.

Meteorologlar avvalroq 2023-yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘lganini tasdiqlagandi — global harorat sanoatdan oldingi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,4 darajaga yuqori bo‘lgan. Ammo, olimlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yil atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlari chiqindilari ko‘payib, shuningdek, El-Nino tabiiy hodisasi tufayli o‘tgan yilga nisbatan issiqroq bo‘lishi mumkin.

El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko‘tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen. Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo‘ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog‘ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi. Hodisa 2023-yilning yozida boshlangan.

Copernicus`da aytilishicha, El-Nino Tinch okeanining ekvatorial qismida zaiflasha boshlaydi, ammo okeanlar ustidagi dengiz havosining harorati odatda g‘ayrioddiy darajada yuqoriligicha qolmoqda.

  • O‘zgidromet, shuningdek, o‘tgan yanvar oyi O‘zbekiston meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq uch yanvardan biri bo‘lgani haqida xabar qildi. Deyarli butun oy davomida iqlimiy me’yorlardan yuqori harorat saqlanib turgan.
  • 2023-yil may oyida Jahon meteorologiya tashkiloti yaqin besh yil ichida sayyorada juda yuqori haroratlar kuzatilishidan ogohlantirgandi.