Akmal Asqarovich Rasulov Toshkent shahri Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

U 1972-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Uzoq yillar davomida poytaxt Ekologiya boshqarmasida turli lavozimlarda, xususan, tayinlovga qadar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.

Rasulov mazkur lavozimga 2021-yilning noyabrida tayinlangan Farhod Dehqonovning o‘rnini egalladi. Dehqonov 2022-yilning 9-sentabr kuni poytaxtda daraxtlar nobud bo‘lishiga sharoit yaratib berganlik va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishda ayblanib, hibsga olingandi.

Biroq oradan bir kun o‘tib, u ozod etilgan. “Gazeta.uz”ning aniqlashicha, Farhod Dehqonov jinoiy ish bo‘yicha hamon gumonlanuvchi sifatida qolgan. Keyinchalik mazkur jinoyat ishining yakuni bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

Ekologiya vazirligining 2024-yil yanvar oyi boshida ma’lum qilishicha, uning faoliyatiga xizmat tekshiruvi tayinlangan va 2023-yilning 30-dekabridan 2024-yilning 1-fevraliga qadar ishdan chetlashtirilgan.