Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi Yo‘ldosh mavzesi (avval Sergeli tumaniga qarashli edi)da joylashgan, buzilishi aytilgan 2 qavatli 409 ta yog‘och uy o‘rnida yashil bog‘ qurmoqchi. Tuman hokimi Hayot Inog‘omov jurnalistlar bilan uchrashuvda fuqarolarni ko‘chirish uchun yangi joy izlayotganini ma’lum qildi.

Avvalgi yig‘ilishda u yog‘och uy egalarini vaqtincha boshqa joyga ko‘chirib, eski uy o‘rniga qurilgan yangi bino bitgach, ularni qaytarib joylashtirmoqchiligini aytgandi. Hozir esa mazkur 75 gektar hududda uy-joy emas, istirohat bog‘i qurish rejalashtirilmoqda.

“Yog‘och uylar o‘rnida avval biz yana ko‘p qavatli uy qurmoqchi edik. Yaqinda o‘tgan selektor yig‘ilishida davlat rahbari Sergeli va Yangihayot tomonda ham “Yangi O‘zbekiston”ga o‘xshagan, odamlar borib dam oladigan yashil zona, istirohat bog‘i quringlar dedi. O‘ylayapmizki, mana shu hududni bo‘shatib, 75 gektar yerni bog‘ qilmoqchimiz, uy-joy uchun qurilish qilmoqchi emasmiz. Bu haqda oxirgi kelishuvga kelgandan so‘ng yana axborot beramiz”, — dedi tuman hokimi.

Yog‘och uylar 1966-yilda zilziladan so‘ng o‘sha yerda uy qurilishida qatnashgan ishchilar uchun vaqtincha 5 yil muddatda foydalanish uchun tez fursatlarda qurib berilgan. Qariyb 60 yildan beri bu uylarda odamlar yashaydi.

“Gazeta.uz” avvalroq Yo‘ldosh mavzesi aholisining yog‘och uylarning buzilishi va daraxtlarni saqlab qolish haqidagi fikrlari va hududga oid kechinmalari haqida maqola e’lon qilgandi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ barpo etish uchun xitoylik tadbirkorlar jalb qilinadi.

“Kuni kecha Xitoydan qaytib keldik. O‘sha yerdan investor topdik. Xitoy kompaniyasi bilan yarim-yarim qilib, qurilish boshlamoqchimiz. Yaqin kunlarda kelishuv hujjatlari va loyihalar tayyor bo‘ladi. Bunda ham jarayon bor. Bu yerda 2 qavatli 409 ta uy, unda 4400 ta xonadon bor. Hozir shu yerda yashaydigan fuqarolarga yer topish masalalarini ko‘ryapmiz. Bu yerda yangi uyni qurish vaqti ham bor. Yangi hududda uylarni qurib, keyin fuqarolarni ko‘chiramiz va yog‘och uylarni buzamiz. Shu yil qurilishni boshlasak, keyingi yilning bahor oylarida istiqomat qiluvchilarni yangi uyga ko‘chirishni boshlaymiz”, — dedi Hayot Inog‘omov.

Fuqarolar bilan ham gaplashganmiz, deyarli 90 foiz fuqaro rozi. Ular atrofimizdagi joydan qurib bersangizlar ko‘chamiz, deb aytishdi. Shuning harakatini qilyapmiz. 10 foiz fuqaro esa shaharga chiqib ketishi, uyning pulini berishni so‘ramoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

Tuman hokimi, shuningdek, yog‘och uylarga yaqin Sofdil ko‘chasida joylashgan Green Park bog‘i tasarrufidagi 17 gektar maydondagi yashil zona haqida ham aytib o‘tdi. Bu joyni 2023-yilning kuzida bosh prokuror o‘rinbosari ko‘zdan kechirib, dov-daraxtlarning quriyotgani ahvolini o‘rgangandi.

“17 gektar maydondagi daraxtlar qurishni boshlagandi. Sababi oldingi tadbirkor ularga qaramagan. Buning uchun u jarima to‘ladi, shuningdek, 100 tup daraxt ham ekdi. Hozirgi kunda bu joyni boshqa tadbirkor 49 yillik shartnoma bilan olgan. Ayta olamanki, bu joyda 2025-yil taxminan 1-aprel holatiga ko‘ra, singapurlik tadbirkorlar yordamida Markaziy Osiyoda shu paytgacha bo‘lmagan bir katta park bo‘ladi. U yerda nimalar bo‘lishini hozir ochiqlolmayman. Sababi bu haqda hali davlat rahbariga aytilgani yo‘q”, — dedi tuman hokimi.

yog‘och uylar, yangiҳаёт tumani

Keltirilishicha, hozir bog‘ning loyihalash ishlari ketmoqda. Ular yakunlangach, prezidentga ko‘rsatganimizdan keyin hammasi aniq bo‘ladi, deya izoh berdi hokim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tuman hokimi Minerva City majmuasini qurayotgan hindistonlik tadbirkor ustidan sudda yutib chiqilgani va 100 gektar maydon davlatga qaytarilganini ma’lum qilgandi.