Shavkat Mirziyoyev Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda BelAZ avtomobillarini birgalikda ishlab chiqarishni taklif qildi. Belarus prezidentining matbuot xizmati ikki rahbarning so‘zlarini e’lon qildi.

BelAZlar — Belarus avtomobil zavodida ishlab chiqariladigan kon samosvallari, konlarda ishlash uchun uskunalar, yer osti ishlari uchun mashinalar, buldozerlar, yuk ko‘taruvchi va aerodromda yuk tashuvchi texnikalar.

“Biz ochiqmiz. Hamma davlatlar bilan ham bunday ishonchli, samimiy suhbat qilmaymiz. Biz ikki soatdan ko‘proq suhbatlashdik (tor doirada) — hamma narsa haqida gaplashdik. Lekin bilasizmi, ko‘p narsa sizlarga bog‘liq”, — dedi Shavkat Mirziyoyev delegatsiyalar a’zolariga murojaat qilib.

“Hozir bizni hech narsa to‘xtata olmaydi. Biz tog‘-metallurgiya sanoatini kengaytirishga jiddiy yondashyapmiz. Bizga BelAZ kerak. Bu yerga allaqachon mahalliylashtirish kerak, qo‘shma korxona kerak. Biz misni boyitish fabrikalari quramiz — uchinchisini, to‘rtinchisini, beshinchisini. 800 ming tonna misni qayta ishlaymiz. Bizga eksport qilish uchun qancha mashina kerak? Ko‘p yillar davomida muhandislarimiz va o‘rta darajadagi xodimlarimizni BelAZ yuk mashinalarida ishlashga o‘rgatdik. Nega endi ushbu BelAZlarni birgalikda ishlab chiqara qolmaymiz?” — so‘radi Shavkat Mirziyoyev.

Aleksandr Lukashenko bunga javoban kelayotgan yil Belarusda Sifat yili deb e’lon qilinganini aytdi. “Bu faqat bir yillik emas, uzoq muddatli”, — deya ta’kidladi u.

“Endi biz sifatni yanada kuchaytirmoqchimiz. Nega — chunki odamlar belaruscha sifatni xohlaydi, — dedi Aleksandr Lukashenko. — Rossiyada ham odamlar Belarus texnikalariga o‘rganib qolgan — bu oldin umumiy, SSSRniki edi. Endi biz uni munosib darajaga olib chiqdik. Biz sifatni yaxshilaymiz. Shunday ekan, shuni yodda tutingki, texnikalarimiz yanada sifatli bo‘ladi”.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus nafaqat texnikalarni yetkazib berishga, balki ularga xizmat ko‘rsatish uchun mahalliy servis markazlarini yaratishga ham tayyor. Bunday tajriba uzoq vaqt davomida to‘planib kelgan.

“Bu ajoyib ish bo‘lardi. Servis bor ekan, fermerlarning munosabati ham butunlay boshqacha bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bizdagi har 10 ta traktordan 5 tasi Belarusniki”.

“Xullas, 10 tadan 7 tasi Belarusniki bo‘lishi kerak”, — qo‘shimcha qildi Aleksandr Lukashenko.

Prezident o‘z delegatsiyasiga ushbu masalalarni alohida nazoratga olishni topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) tarkibida 3-misni boyitish fabrikasi (3-MBF) tashkil etish rejalashtirilgan. Unda “Yoshlik-1” konidan olingan 5,12 milliard dollarlik mahsulot qayta ishlanishi kutilmoqda. Bu kon 11 ming gektar maydonni egallagan bo‘lib, unda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatbaho va nodir metallar mavjud. Fevral oyi boshida OKMK rahbari Abdullo Xursanov prezident 3-MBF qurilishini 1-iyuldan kechiktirmay boshlash, “injenering bazaviy loyihasi"ni esa 1-martgacha yakunlash haqida topshiriq berganini aytgandi.