Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni 21 moddadan iborat “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasiga joylandi.

Qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilandi.

Hujjatda pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Mazkur qonunga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi. Shuningdek, pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, jumladan, bitiruvchilarning bandligi ta’minlangani haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish man etiladi.

Bundan tashqari, pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, xususan, ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish mumkin emas.

Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishni cheklash

Yangi qonunga ko‘ra, quyidagi shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
  • pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari bo‘lgan shaxslar;
  • psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar.

Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarga qabul qilish man etiladi.

Boshqa o‘zgarishlar

Qonun bilan, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga murabbiylikni amalga oshirish uchun tajribali pedagog biriktiriladi.

Shuningdek, pedagoglar sudga shikoyat qilganda davlat boji to‘lamaydi. Shu tariqa, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

  • Pedagog xodimlar — kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq ishlar yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
  • Ular kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida pedagog xodimlarning huquqlarini buzayotgan davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan Ma’muriy sudlarga shikoyat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 1-avgustda qabul qilingandi. Senat esa uni 29-sentabrda ma’qullagan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun loyihasi birinchi bor 2020-yil noyabr oyida taqdim etilgandi, biroq 2023-yil 2-may kundagi majlisda unda keltirilgan quyidagi takliflar yangramagan:

  • pedagoglarning pensiya yoshi besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olishi;
  • pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar to‘lash;
  • Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimni kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari OTMning pedagogika yo‘nalishiga [sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli] suhbat asosida o‘qishga qabul qilish.