Toshkentning chekka hududlarini metro bekatlari bilan bog‘lash uchun to‘rtta ekspress avtobus yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda. Bu O‘zbekistonning 2024-yilgi Davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Yo‘nalishlar Nazarbek hududidan “Chorsu” va “Paxtakor” metro bekatigacha, “Uch Qahramon” hududidan Yunusobod dehqon bozori va “Shahriston” metro bekatigacha tashkil qilinishi mumkin.

Avvalroq Transport vazirligi huzuridagi loyiha ofisi direktori Murod Abidov 2024-yilda Toshkent shahriga kiraverishda 12 ta ekspress yo‘nalish ochish rejalashtirilgani, ular to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishi va kamida ikkita metro liniyasini kesib o‘tishi kerakligini ta’kidlagan edi.

“Shu tariqa tashqaridan kirayotgan odamlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamoat transporti tizimiga bog‘laymiz”, — degandi u.

Davlat dasturi loyihasida, shuningdek, “avtobuslar harakati ustuvorligini va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida” uzunligi 29 kilometr bo‘lgan 8 ta asosiy transport koridorlarini (83 ta chorraha va 41 ta piyodalar o‘tish joyi) rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq shahar hokimligida Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimot qilingan edi. “Gazeta.uz” loyihaning batafsil tahlilini e’lon qilgan.

Murod Abidov 2023-yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 44,8 kilometr uzunlikdagi ajratilgan liniyalar tashkil etilganini ta’kidlagandi.

“O‘zi bizda eng katta „nagruzka“ bilan ishlayotgan yo‘llarimiz 125 kilometr-da, 13 ta koridorimiz bor. [Bu] qaysidir joylarda og‘riqli, qaysidir joylarda mablag‘ talab qiladigan jarayon. Shuning uchun bu yil davomida qolgan qismida albatta jamoat transporti ustuvorligini ta’minlaydigan yechimlarni qilamiz”, — degandi u.

Murod Abidovning ta’kidlashicha, keyingi bosqichda ko‘chalar o‘rtasida avtobuslar uchun alohida liniyalar tashkil etish rejalashtirilgan.

“Ularning chetdan yuradigan avtobuslardan katta farqi bor. Chunki ularda kesishmalar minimal darajaga keltiriladi. Yo‘lni kesib o‘tadigan, avtobus harakatiga xalaqit beradigan kesishma deyarli bo‘lmaydi, chorrahadan tashqari”, — dedi u.

Davlat dasturi loyihasida metropoliten uchun 11 ta yangi poyezd (44 ta vagon) xarid qilish ham rejalashtirilgan.

Fevral oyiga qadar poytaxt transport sohasida quyidagi tadbirlar dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan:

  • “aqlli boshqaruv” tizimini joriy etish;
  • transport oqimini tahlil qilgan holda ayrim ko‘chalarda bir tomonlama harakatni tashkil etish;
  • oliy ta’lim muassasalarida o‘qish vaqtini maqbullashtirish hisobiga tig‘iz vaqtlarda transportga bo‘lgan yuklamani kamaytirish;
  • og‘ir vaznli yuk avtomobillarining harakatlanishini cheklash yoki tartibga solish;
  • transport oqimi yuqori bo‘lgan chorrahalarda svetoforlar fazalarini qayta ko‘rib chiqish;
  • 255 ta chorraha va kesishmalarni “aqlli svetoforlar” tizimiga o‘tkazish;
  • kamida 10 ta ko‘chada pullik to‘xtash joylarini tashkil etish;
  • shaharga kiruvchi asosiy avtomobil yo‘llarida vazn va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalarni tashkil etish.