O‘zbekiston hukumati sement zavodlari qurilishiga moratoriy e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov 30-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim sement zavodlari ekoturizmni rivojlantirish mumkin bo‘lgan tog‘li hududlarda qurilgan. Bu korxonalarning mavjudligi salomatlik va tabiatga zarar keltiradi.

“O‘zim shaxsan o‘sha joylarga borib ko‘rgandim. Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi turizmni rivojlantirsa bo‘ladigan hududda [sement zavodi bor], hamma daraxtlar,… 5−10 kilometr atrofdagi narsalar changdan bo‘lgan “plyonka”ga o‘xshash narsa bilan qoplangan. O‘sha yerdagi hamma o‘simlik va hayvonot dunyosining rasvosi chiqqan va barbod bo‘lgan. Lekin borib biz o‘rganib chiqqanimizda [ma’lum bo‘ldiki], hozir qonunchilikda belgilangan shunaqa oqibat uchun bor-yo‘g‘i 100−200 million [so‘m] jarima qo‘llanar ekan”, — dedi vazir.

Aziz Abduhakimovning aytishicha, jarimaning eng kam miqdorini 10 milliard so‘m qilish rejalashtirilmoqda, bu esa korxonalarni zamonaviy chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatishga majbur qiladi.

Ekologiya vazirligi rahbari tadbirkorlik faoliyatiga erkinlik berish maqsadida bunday loyihalar joy tanlashda va loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlashda ekologik ekspertiza o‘tkazishdan ozod qilinganini ta’kidladi. 2023-yil 1-noyabrda ekologik ekspertiza tiklangan.

“Ochig‘ini aytganda, hozirgi kunda zavodlarimizning quvvati karra-karra O‘zbekistonning, aytaylik, ehtiyojidan ko‘proq. Shu uchun bu masala hukumatda ham ko‘rib chiqilgandi hurmatli bosh vazirimiz boshchiligida… Va hozir mana qaror qabul qilindiki, hech qanaqa yangi sement zavodlarini O‘zbekistonda qurishga… moratoriy e’lon qilarmiz, ya’ni to‘xtatib qo‘yamiz”, — deya ta’kidladi u.

Uning aytishicha, qurilgan 47 ta zavoddan 23 tasining faoliyati to‘xtatilgan. Bundan tashqari, 25 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalar ishini o‘rganish natijasida ularning 90 foizi ekologik talablarni buzayotgani aniqlangan.

Aziz Abduhakimov sement ishlab chiqaruvchi korxonalar ustidan ekologik nazorat Bosh prokuratura bilan birgalikda amalga oshirilishini aytdi.

Oy boshida “Gazeta.uz” O‘zbekistondagi sement zavodlari haqida katta maqola e’lon qilgan va hukumatni zavodlar faoliyatining inson salomatligi va atrof-muhitga ta’sirini muhokama qilishga chaqirgandi. Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab mamlakatda sement ishlab chiqaruvchilar uchun yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i miqdori reja qilingani kabi 2 baravar emas, 4 baravarga pasaytirilgan.

Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “mamlakatimizda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan”ini aytgandi. “Lekin mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli”, — degandi u o‘shanda.

Kuni kecha davlat rahbari sanoat korxonalari “oyoqqa turishi” uchun ko‘plab yengillik va imtiyozlar berilgani, lekin ayrim korxonalar na soliqlar to‘lashni, na atrof-muhitni himoya qilishni o‘ylamayotganini ta’kidlagan.