“O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasining 2024-yilgi davlat dasturi loyihasiga muvofiq, Toshkent shahrida oyning bir ish kuni “Avtomobilsiz kun” bo‘ladi.

Bunda binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi organlarining rahbar va xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali aholiga namuna ko‘rsatib borishi keltirilgan.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (vazir — Aziz Abduhakimov), Transport vazirligi (Ilhom Maxkamov) va Toshkent shahri hokimligi (Shavkat Umurzoqov — hokim v.b.) belgilandi.

“Avtomobilsiz kun” aksiyasi

22-sentabr Butunjahon avtomobilsiz kuni bo‘lib, O‘zbekistonda 2021-yildan 22-sentabr kuni “Avtomobilsiz kun” sifatida e’lon qilingan. Mamlakat YHXX, Transport hamda Ekologiya vazirliklari shu kuni aholini shaxsiy avtomobil o‘rniga jamoat transporti, velosipeddan foydalanish yoki piyoda yurishni tanlashga chaqirib kelmoqda.

Shu kuni shaxsiy avtomashinalar o‘rniga atmosferaga kamroq zarar yetkazuvchi va salomatlik uchun foydaliroq transport turlaridan — velosiped va jamoat transportidan foydalanish, piyoda yurish taklif qilinadi.

Ushbu kunda shaxsiy avtomobillardan voz kechish tavsiyasi hukumatning 2022-yil noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.

Biroq undan oldin ham mamlakat global aksiyada ishtirok etgan. 2019-yilda Toshkentda Yevropa mobillik haftaligi doirasida ilk bor Uchtepa tumanidagi bir necha kilometr ko‘chalar piyodalar hududiga aylantirilgan.

2018-yildan hukumat qarori bilan O‘zbekistonda har juma “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni” deb e’lon qilingan va “Avtomobilsiz kun” aksiyasi har oyda bir marta o‘tkazilishi belgilangan. Lekin mazkur aksiya hamon tavsiya darajasida qolib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020-yil 1-dekabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda hokimlar va o‘rinbosarlariga “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmagan holda ishga kelishi va ketish tavsiya etilgan.