Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalariga bag‘ishlangan Global Gateway Investorlar forumining ochilish marosimida so‘zga chiqib, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hukumatlari delegatsiyalarini qutladi.

Jozep Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda notinchlik saqlanib qolmoqda. Mamlakatlar koronavirus pandemiyasi bilan kurashdan so‘ng, yangi inqirozlarga duch kelgan. Ular orasida Afg‘onistondagi hukumat almashinuvi, Rossiyaning Ukrainaga bosqini va G‘azo sektoridagi urush bor.

“Har qaysi davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi shubhasiz bo‘lishi kerak va biz „kuchlilar huquqlari“ hukmronlik qiladigan va qudratli davlatlar chegaralarini bir tomonlama o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan dunyoga qaytishdan qochishimiz kerak. Biz bilamizki, bu tamoyillarni himoya qilish uchun Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan jiddiy sanksiyalar kiritdi, bu esa uning harbiy mashinasini sezilarli darajada zaiflashtirdi. Ammo, shunga qaramay, urush davom etmoqda. Aytishimiz mumkinki, undagi shiddat oshib bormoqda va biz tunnel oxiridagi yorug‘likni ko‘rmayapmiz”, — dedi u.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili sanksiyalar yanada samarali bo‘lishi uchun YeI va uning hamkorlari o‘rtasida har tomonlama hamkorlik bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

“Biz o‘zimiz va Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, ular va Rossiya o‘rtasidagi savdo aloqalarini diqqat bilan kuzatib boramiz. Biz qaysi mexanizmlar sanksiyalarni chetlab o‘tishga imkon berishini tahlil qilishga harakat qilyapmiz. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirishimiz kerak, chunki global muammolarni hal qilish uchun bizga kuchli sherik kerak. Yaqindan hamkorlik esa Global Gateway`ning asosiy maqsadi hisoblanadi”, — dedi Jozep Borrel.

Yevropa diplomatiyasi rahbari hududlarning aloqadorligini oshirish uchun infratuzilma yaratish zarurligini aytdi. Bularning barchasi, uning aytishicha, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qolaversa, bir xil qadriyatlarni himoya qilish orqali hamkorlikni kengaytiruvchi hamda farovon kelajakni ta’minlovchi siyosiy maqsadga xizmat qiladi.

“Ushbu juda murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo bizning eng muhim hamkorimizga aylandi. To‘rt yil oldin, [lavozimga tayinlangach] Bryusselga kelganimda, Markaziy Osiyo allaqayerdagi chekka hudud bo‘lib tuyulgandi, hozir esa siz hamma narsaning markazidasiz. Siz Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tamal toshisiz. Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi barcha muhim narsalar sizdan o‘tadi. Shuning uchun ham hamkorlik biz uchun juda muhim”, — dedi Jozep Borrel.

Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, xavfsizlik va kommunikatsiyalar, energiya va resurslarni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan sheriklikni iqtisodiy xavfsizlikni oshiradigan tarzda mustahkamlash zarur. “Bu ikki so‘z — iqtisodiyot va xavfsizlik — endi bir-biriga yaqin bo‘ladi. Iqtisodiyot haqida gapirganda, biz tobora xavfsizlik jihatiga e’tibor qaratishimiz kerak. Xavfsizlik haqida gapiradigan bo‘lsak, bunga iqtisod prizmasidan qarashga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.

2023-yil oktabr oyida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari mintaqalararo siyosiy muloqot, savdo, energetika va xavfsizlik kabi sohalarda aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlagandi.

Yevropa diplomatiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, haqiqiy hamkorlikni o‘rnatish uchun faqat hukumat amaldorlari o‘rtasidagi kelishuvlar yetarli emas, odamlar o‘rtasidagi aloqalar ham muhim.

“Oxir-oqibat, agar odamlarni bog‘lamasangiz, haqiqiy hamkorlikni qura olmaysiz. Hukumatlar va rasmiylar o‘rtasida yetarlicha uchrashuvlar o‘tkazilmayapti. Yuqori darajada imzolangan kelishuvlar yetarli emas. Bir-birimizni yaxshiroq bilishimiz uchun odamlar o‘rtasida [aloqa] kerak. Va bugungi uchrashuv yo‘l xaritasida belgilangan va hozir amalga oshayotgan 80 ta aniq chora-tadbirlardan biridir”, — deya ta’kidladi u.

“Keyingi qadam shu yil oxirida bo‘lib o‘tadigan [Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi] birinchi [to‘liq formatdagi] sammit bo‘ladi, uni O‘zbekiston mamnuniyat bilan tashkil qiladi (sammit shu yilning bahorida bo‘lishi kutilmoqda — tahr.). O‘ylaymanki, bu munosabatlarimizdagi yana bir muhim qadam bo‘ladi”, — dedi Jozep Borrel.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili “o‘tmishdagi qaramlikni yengib o‘tishimiz uchun” Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi amaliy aloqalarga ko‘proq sarmoya kiritish hamda transport, energiya va ta’minot zanjirlari uchun yangi muqobillarni topish kerakligini aytdi.

“Biz chegaralarni yengib o‘tishimiz kerak, narigi tarafdagi odamlar bilan aloqada bo‘lish uchun chegaralardan tashqariga chiqishimiz kerak. Ularni shaffof qilishimiz kerak. Chegaralar bo‘lsin, ammo biz ularni ko‘rmaylik. Yevropa Ittifoqida aynan shu narsa bo‘lmoqda. […] Bugun siz Gibraltardan Helsinkiga borishda ko‘plab chegaralarni ko‘rmaysiz. To‘xtashingiz shart emas. Hech kim: „Siz kimsiz? Qayerga ketyapsiz? Chamadoningizni oching, qog‘ozlaringizni ko‘rsating“ demaydi — bu g‘ayrioddiy holat. Chegaralar mavjudligicha qoladi, lekin siz ularni ko‘rmaysiz. Sayohat va almashinuv ancha oson va foydaliroq bo‘ladi. Bu — chegaralarni shaffof qilish butun dunyo qila oladigan narsa, shunda odamlar, tovarlar va xizmatlar bir mamlakatdan boshqasiga imkon qadar oson o‘tishi mumkin”, — dedi Jozep Borrel.

Investorlar forumi ayni shu maqsadga xizmat qiladi, dedi u. “Shuning uchun ham biz shu yerdamiz: buni haqiqatga aylantira oladigan moliyaviy resurslarni izlash uchun. Mintaqaning qiyofasini o‘zgartirish, Xitoyga yo‘lda Turkiya, Janubiy Kavkaz, Yevropa kabi boshqa mintaqalar chegaralariga ulanish uchun. Bu Yevropaga ham, Markaziy Osiyoga ham barqarorlikni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish uchun yechim hisoblanadi”, — deya xulosa qildi Yevropa Ittifoqi vakili.

Avvalroq xabar berilganidek, Yevropa va xalqaro moliya institutlari Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi barqaror transport aloqalari uchun 10 milliard yevro ajratadi. Investitsiyalar Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirishga yo‘naltiriladi, shunda u orqali yuk 15 kun ichida o‘tishiga erishiladi.

Forum doirasida Jozep Borrel O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashdi. Tomonlar “juda mazmunli muzokara” o‘tkazdi va Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish, hamkorlikni kengaytirish yo‘llari, shu jumladan, savdo, aloqa va muhim xomashyo masalalarini muhokama qildi, deb yozdi Yevropa diplomatiyasi rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida.