O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qurilishni “korrupsiyadan xoli sohaga”ga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ma’lum qildi, deya qayd etdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Shu maqsadida 1-iyuldan:

  • qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi;
  • pudratchi tashkilotlar bajargan qurilish ishlari faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi;
  • obyektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” orqali tasdiqlanadi;
  • 10 milliard so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni faqat va faqat “Shaffof qurilish” tizimi orqali tanlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etiladi;
  • ishlab chiqaruvchi ham, quruvchi ham, nazorat qiluvchi ham qayerda qaysi qurilish materiali qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim bo‘ladi.

Qurilishda loyihalashtirishni tartibga solish maqsadida Qurilish vazirligida Loyiha ofisi tuzilishi belgilandi. U:

  • qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning xavfsizlik va energiya tejamkorlikka javob berishini, qiymati sun’iy oshib ketmaganini loyihachilar bilan birga baholab boradi;
  • har yili maktab, bog‘cha, tibbiyot, yo‘l, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti kabi sohalarning har birida kamida 2−3 tadan namunaviy loyihalar ishlab chiqadi.

Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.

Mutasaddilarga eskirgan 105 ta qurilish normalarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqish topshirildi.

Bosh prokuraturaga qurilish materiallari sohasida qazib olishdan tortib, tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazishgacha barcha jarayonlarda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

budjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qo‘mitasining “Ye-ombor” platformasi orqali amalga oshiriladigan tartibni joriy qilish, qurilish materiallari klassifikatori elektron platformasini ishga tushirish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari qurilishdagi mavjud sharoitlar loyihachilarni “soyada” ishlashga majbur qilayotgani, loyiha narxini oshirib yuborayotgani, korrupsiya loyihani loyihalash, tender, qurilish va loyihani qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olganini ta’kidladi. Sohada endilikda “resurs usuli” o‘rniga “hajm usuli”ni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Korrupsiyasiz soha” loyihasi 2019-yil 1-avgustdan kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida tajriba tariqasida boshlangan edi. 2020-yil 1-apreldan boshlab ushbu loyihani O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgandi.