29-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bir qancha rahbarlarga hayfsan berildi, deb yozmoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda ushbu tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari borligi, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o‘rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalq eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri ekani qayd etildi.

Davlat rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini qayd etdi.

Shu munosabat bilan transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.

Prezident 18-yanvar kuni ham transport vaziriga ogohlantirish bergandi. O‘shanda vazir yuk tashish uchun qo‘shimcha yig‘imlar, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi va boshqa masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun ogohlantirilgan.