O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov 25-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator nima uchun jarimaga tortilgan banklar nomini ochiqlamayotgani haqidagi savolga javob berdi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Biz buni muhokama qilib, bir narsaga to‘xtaldik. Bevosita aholining bank bilan bo‘ladigan munosabatlaridagi buzilishlar [bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar]ni e’lon qilishga qaror qildik. Aholida noto‘g‘ri tushuncha, noto‘g‘ri fikrlar shakllanmasligi uchun bankning ichki faoliyatidagi, ya’ni Markaziy bankning makroprudensial talablarini bajarmaslik bo‘yicha masalalarda bank nomini e’lon qilmaslikka qaror qildik”, — dedi regulyator rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 2023-yil dekabr oyidagi yig‘ilishlarida 3 ta bankning ayrim operatsiyalarni amalga oshirishi cheklangan, 2 ta bankka esa jarima sanksiyasi qo‘llangandi.

Noyabrda regulyator ko‘rsatmalariga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagani sababli 1 ta tijorat bankiga ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatilgan, shuningdek, prudensial normativlarga rioya qilmagani oqibatida 4 ta bankka nisbatan jarima choralari qo‘llangan.

Shu oyning o‘zida, aniqrog‘i, 16-noyabr kuni regulyator ko‘rsatmalariga amal qilmagani va yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlamagani sababli 16 ta bankka nisbatan jarima chorasi qo‘llangani ham xabar qilingandi.

oktabrda esa kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq oshkor etmagani uchun 16 ta tijorat bankiga nisbatan jarimalar belgilangan. Regulyator bu holatlarning birontasida chora ko‘rilgan banklar nomini ochiqlamagan.