Prezident 22-yanvar kuni Samarqand shahrida jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda 2023-yil may oyida O‘zbekiston hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida Samarqand shahri jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish bo‘yicha kredit shartnomasi imzolangani qayd etilgan. Kredit hajmi 49 million dollarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” o‘tgan yilning aprel oyida avtobuslar Xitoyning Yutong kompaniyasi tomonidan yetkazib berilishi haqida yozgandi. Dastlabki 100 ta elektrobusdan 6 tasi 2023-yilning birinchi yarim yilligida, qolgan 94 tasi esa uchinchi chorak yakunigacha yetkazib berilishi ma’lum qilingandi. YeTTB Samarqand shahri uchun elektrobuslar partiyasi, ular uchun quvvatlash shoxobchalari va boshqa infratuzilma obyektlarini sotib olishga 95 mln yevrogacha mablag‘ ajratishi mumkinligi xabar qilingandi.

Yangi qarorda loyiha qiymati 61,99 mln dollarga baholangan, shundan YeTTB qarz mablag‘lari yuqorida aytib o‘tilganidek 49 mln dollarga teng, O‘zbekiston ulushi esa 12,99 mln dollarni tashkil etadi (jumladan, QQSni qoplash, bojxona imtiyozlari va boshqalar).

Hujjatda Yutong kompaniyasi xalqaro tender g‘olibi deb topilgani va u bilan 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasini sotib olish bo‘yicha 29,7 mln dollarlik shartnoma imzolangani aytiladi.

Shartnomaga muvofiq, 6 ta elektrobus va 3 ta quvvatlash qurilmasi 2023-yilning may oyida yetkazib berilgan. Yangi jadvalga ko‘ra (4-ilova) yana 30 ta elektrobus va 15 ta quvvatlash qurilmasi 2024-yilning birinchi choragida, qolgan 64 ta elektrobus va 32 ta quvvatlash qurilmasi esa 2024-yilning ikkinchi choragida keltiriladi.

Qolgan 32,29 mln dollarga Samarqand shahrida haydovchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazini o‘z ichiga olgan, harakat tarkibini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun mo‘ljallangan avtobus saroyini rekonstruksiya qilish va tashqi elektr ta’minoti obyektlarini qurish nazarda tutilgan.

Elektroavtobuslar loyiha doirasida tanlab olingan muntazam yo‘nalishlarga brutto-shartnoma asosida, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 yil muddatga biriktiriladi. Bunda yo‘nalishlar narxi belgilangan tartibda shakllantiriladi.

Hujjatda ikki oy muddatda Nukus shahri va viloyat markazlarida jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berilgan.