2023-yilning dekabr oyida O‘zbekiston Xitoyga 54,50 million dollarlik tabiiy gaz eksport qildi, bu avvalgi oy — noyabrga nisbatan 1 foiz kam hisoblanadi. Bu bo‘yicha “Gazeta.uz” Xitoy bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlarini o‘rgandi.

Umuman olganda, 2023-yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga 563,539 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qildi, bu 2022-yilga nisbatan 47,4 foizga kam degani (o‘sha yilda 1,07 mlrd dollarlik gaz sotilgan).

Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchi davlatlar: Turkmaniston (12 oy davomida 9,6 mlrd dollarlik), Rossiya (6,43 mlrd dollar), Myanma (1,46 mlrd dollar) va Qozog‘iston (1,32 mlrd dollar).

O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatning xorijga gaz eksporti hajmi 529,9 mln dollarni tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 42,7 foizga kam. Dekabda gaz yetkazib berish hajmi 20 mln dollardan oshdi, lekin O‘zbekistondan olingan rasmiy ma’lumotlar Xitoy bojxona statistikasidan farq qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri 2020-yilda mamlakat 2025-yilgacha gaz eksportini butunlay to‘xtatmoqchi ekanini aytgandi. Gazni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha statistikalar bir necha karrasiga farq qilayotgani haqida yozgan. Keyinroq energetika vaziri buni Xitoy statistikada turkman gazining tranzitini hisobga olgani bilan izohlagan. Biroq “Gazeta.uz” hisoblab, hatto tranzitni qo‘shganda ham statistika keskin farq qilayotganini aniqlagan.

Shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi olti oyda 2,6 mlrd kub metr — 2022-yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobar ko‘p gaz import qilgan. Bu Statistika agentligi ma’lumotlaridan farq qiladi va MB rahbarining gaz importi tufayli budjet taqchilligi oshgani haqidagi so‘zlariga qisman oydinlik kiritishi mumkin.