Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Jahon savdo tashkilotining (JST) “Intellektual mulk huquqlarining savdo yo‘nalishlari bo‘yicha Bitim” (TRIPS bitimi) talablariga uyg‘unlashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun: TRIPS bitimi JSTning asosiy hujjatlaridan biri bo‘lib, 1994-yil 15-aprelda Marokashda o‘tkazilgan Urugvay muzokaralari yakuni bo‘yicha qabul qilinib, 1995-yil 1-yanvardan kuchga kirgan hamda JSTga a’zo davlatlar tomonidan intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish bo‘yicha minimal talablarni belgilovchi bitim hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar ushbu bitimga JSTning 164 nafar a’zo davlatlarining barchasi qo‘shilgan.

TRIPS bitimi talablariga ko‘ra “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunda sanoat mulki obyektlari uchun majburiy litsenziya berish tartibi belgilanayotgan bo‘lib, unga ko‘ra sanoat mulki obyektidan patent egasi foydalanmagan yoki yetarli darajada foydalanilmagan taqdirda undan foydalanishni xohlovchi shaxs patent egasi bilan maqbul tijorat shartlari asosida litsenziya shartnomasini tuzishi, agar patent egasi shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda sudga murojaat qilish tartibi belgilanmoqda.

Mazkur me’yorning kiritilishi yillar davomida (3 yoki 4 yildan buyon) sanoat ishlab chiqarishga joriy qilinmagan ixtirolarni yoki foydali modellarni amaliyotga joriy qilinishini ta’minlashga, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga va bozorni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yuqoridagi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalar asosida, agar patentni huquq egasining ruxsatisiz mamlakatdagi favqulodda vaziyatlarda yoki boshqa oxirgi zarurat holatlarida foydalangan taqdirda ham davlat huquq egasiga mutanosib tovon to‘lashni ta’minlashi kerakligi belgilanmoqda.

Bunda patent egasini qisqa muddatda xabardor qilgan va keyinchalik unga tovon pulini Vazirlar Mahkamasi tomonidan Tovon miqdorini aniqlash tartibiga muvofiq to‘lash belgilanmoqda.

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilayotgan bo‘lib, ushbu qonun ham JSTning TRIPS bitimi moddasida qayd etilgan Sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasiga muvofiqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, “Reklama to‘g‘risida”gi milliy qonun Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitini yaratilishi ta’minlangan.

Xususan, qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan chet elda ishlab chiqarilgan pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilish yuzasidan cheklov bekor qilinib, bu bilan bozorda raqobat muhitini yuzaga kelishiga zamin yaratilmoqda.

Jahon savdo tashkilotining TRIPS bitimining 39-moddasida ma’lum bir dori vositasini yaratish jarayonida o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinik oldi va klinik sinovlar natijalari himoya qilinishini hamda nohalol raqobat shaklida foydalanilmasligini ta’minlash nazarda tutilganligi inobatga olinib, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga ushbu talabdan kelib chiqilib qo‘shimcha me’yorlar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra farmatsevtika sohasiga klinik tadqiqotlardan oldingi va klinik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlarni samarali himoya qilish mexanizmini joriy qilish orqali original dori vositalar ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoya qilinmoqda. Bu o‘z navbatida xorijiy davlatlarning yirik farm kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda original dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish soni oshishiga ijobiy ta’sir qilishi qayd etildi.

Shuningdek, JSTning xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimi talablariga muvofiq, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun o‘rnatilgan davlat boji miqdorini O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ta’sischiligida tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun belgilangan davlat boji miqdori bilan bir xil etib belgilash zarurligini inobatga olib, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra patent boji to‘lovchilari sifatida ko‘rsatilgan rezident va norezident mos ravishda jismoniy va yuridik shaxs deb o‘zgartirilmoqda.

Shuningdek, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 1 barobarga tushirilmoqda. Bu o‘z navbatida xorijiy investitsiyali hamda mahalliy korxonalarga bir xilda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni ta’minlashi ta’kidlandi.

Qonunda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish uchun patent berishga, rasmiy ekspertiza o‘tkazishga va ma’lumotlarni e’lon qilishga talabnoma berish uchun davlat bojlari miqdorlari JST TRIPS bitimi talablariga uyg‘unlashtirilmoqda.

Ya’ni, JST talabiga ko‘ra har bir a’zo boshqa a’zolarning fuqarolariga intellektual mulkni muhofaza qilish bo‘yicha o‘z fuqarolariga taqdim etganidan kam bo‘lmagan qulay rejimni taqdim etishi ko‘zda tutilgan me’yorlari qonunda inobatga olinmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda mazkur xalqaro tuzilmaga qo‘shilish jarayonini qayta boshlagan. Mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini aytgandi.

15-noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqer Almoqbel tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma imzolagandi.