18-yanvar kuni Singapur prokuraturasi mamlakat transport vaziri Subramaniam Isvaranni korrupsiyada rasman aybladi. Bu Singapurda so‘nggi 40 yil ichidagi vazir bilan bog‘liq birinchi korrupsiya ishi hisoblanadi, deb yozdi CNN.

Isvaranga korrupsiya, davlat xizmatchisi sifatida qimmatbaho buyumlar olish va adolat ta’minlanishiga to‘sqinlik qilish kabi jami 27 ta ayblov qo‘yilgan.

Ayblov xulosasida malayziyalik milliarder Ong Beng Seng biznes manfaatlarini ilgari surish evaziga vazirga taxminan 119 ming dollarlik “qimmatbaho buyumlar"ni pora sifatida bergani aytiladi. Sovg‘alar orasida, jumladan, biznes-klassdagi aviachiptalar, hashamatli mehmonxonada yashash, “Formula 1” Gran-prisiga chiptalar, Angliya Premer-ligasi futbol o‘yinlari va Vest-End teatri myuzikllariga kirish bor. Ayblovlar 2015-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.

Isvaran o‘tgan yozda hibsga olingandi, biroq sud uni garov evaziga ozod qilgan. Vazir ta’tilga jo‘natilgan, ammo u hali ham avvalgidek maosh olib kelgan, deb yozdi BBC News. Singapur bosh vaziri Li Syan Lunga yo‘llagan maktubida u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, tergov boshlanganidan beri olgan maoshi va deputatlik nafaqasini qaytarishini aytgan.

Singapur Transparency International tashkilotining korrupsiyani tushunish indeksida dunyoda beshinchi o‘rinni egallaydi va “benuqson toza hukumati” bilan faxrlanadi, deya ta’kidladi CNN. Vazirlarning o‘rtacha yillik maoshi taxminan 834 ming dollarni tashkil qiladi. Bunday yuqori maoshlar amaldorlarni pora olishdan qaytaradi.

Singapurda so‘nggi marta 1986-yilda vazir korrupsiya bo‘yicha tergov qilingan edi. O‘shanda milliy taraqqiyot vaziri Te Cheang Van gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan va ayblov qo‘yilishidan avval o‘z joniga qasd qilgan.