Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ichki ishlar organlari xodimlarining ish faoliyatiga oid foto va videolavhalarni “obro‘sizlantirish maqsadida” internet tarmog‘ida e’lon qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, hujjatni Senat muhokamasiga yuborgandi.

11-yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi majlisida bu qonun, ya’ni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjat dastlabki tarzda muhokama qilingandi.

15-yanvar kuni Senat qo‘mitasi OAV va blogerlar ishtirokida qonunni muhokama qilib, savollarga javob qaytardi. “Gazeta.uz” muhokamalarning aynan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tasvirlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatish bilan bog‘liq qismi bo‘yicha ma’lumot beradi. Quyida muhokamalarning asosiy qismi bilan tanishish mumkin.

Yig‘ilish boshida qo‘mitaning qonun ko‘rib chiqilgan dastlabki yig‘ilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgani va muhokamalarga sabab bo‘lgani ta’kidlandi.

“Tabiiyki, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan munosabatlar ham salbiy, ham ijobiy munosabatlarni qamrab oladi. Davletovuz, Xushnudbekuz kabi kanallarda bildirilgan bahsli mulohazalar, ayniqsa, e’tiborga molik bo‘ldi. Shu boisdan bugungi ishchi guruh yig‘ilishiga qonun ijodkorlari, mutaxassislar, ekspertlar va olimlardan tashqari ommaviy axborot vositalarini ham taklif etganmiz. Qonunning muhokamasi yakunlanib, barcha savol javoblar tugaganidan so‘ng OAV vakillari va internetdagi kanallar mualliflarining ham savollariga mutaxassislarimiz bilan birgalikda javob beramiz”, — dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Kutbiddin Burxanov.

Kutbiddin BurxanovKutbiddin Burxanov

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farxod Boqiyev qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalardagi bir qator normalarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi, lekin bir modda bo‘yicha savollari borligini ta’kidladi:

Haqiqatan ham bugun mastlik bilan bog‘liq, tezlikni oshirish va hokazo masalalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning ortib borishi, buning ortidan begunoh insonlarning hayoti bilan bog‘liq masalalar ham ortib borayotgani juda ham ayanchli. Mana shu nuqtai nazardan bu masalalarga e’tirozimiz yo‘q. Lekin bir modda nuqtai nazaridan men Ichki ishlar vazirligining, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining pozitsiyasini, fikrini bilmoqchiman: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195 prim 2 moddasi haqida.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish masalasi haqida gap ketyapti.

Konstitutsiyaning muqaddima qismida biz xalqimizning maqsadi, niyatini qo‘yganmiz, unda “inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish yo‘lidagi mas’uliyatimizni anglaymiz”, degan joyi bor. Shu bilan bir qatorda bu maqsadlar konstitutsiya moddalarida muhrlangan.

Ikkinchi moddada “davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, deyiladi.

O‘n to‘rtinchi moddada “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, deyiladi.

O‘ttiz uchinchi moddada har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega ekanligi, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega ekanligi bayon etilgan.

Yigirmanchi moddada alohida shunday norma bor, “inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”. Yana bir qator konstitutsiya normalarini aytib o‘tish mumkin.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yildan boshlab “Harakatlar strategiyasi”ga start berilganda, xalq davlat idoralariga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bugungi kunda ochiqlik siyosati qay darajada ildamlaganini ham barchamiz ko‘rib turibmiz.

Savol shunday kelib chiqyaptiki, 195 prim 2 da aynan shu masala, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202 prim 2 moddasida “yolg‘on axborot tarqatish” [uchun javobgarlik] alohida belgilab qo‘yilgan. Jinoyat kodeksining 244 prim 6 moddada “yolg‘on axborot tarqatish” alomatlarining barchasi ko‘rsatib o‘tilgan.

Birinchidan, bu yerda yana alohida ichki ishlar xodimlarining bunday immunitet hosil qilishiga olib kelgan asosiy omil nimadan iborat? Ikkinchidan, agar 2023-yilda foto va video tarqatilganligi hisobotidan shu narsa kelib chiqayotgan bo‘lsa, ichki ishlar xodimining obro‘si va shaxsi nuqtai nazaridan nechta shunday video tarqatilgan? Ularning qanchasida fuqaro haq bo‘lib chiqqan? Nechtasida ichki ishlar organi xodimlari haq bo‘lib chiqqan?

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev ham yig‘ilishda onlayn qatnashib, o‘z savollarini berdi:

Gap agar ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lgan e’tirozlar haqida bo‘ladigan bo‘lsa, asosiy e’tirozlar qonunning aynan bitta moddasi haqida bo‘ldi. Qonunning yo‘l harakatiga oid barcha qismini jamoatchilik qo‘llab quvvatladi. Shaxsan o‘zim ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Biz buni anchadan buyon kutayotgan ham edik, juda ko‘p targ‘ib qilgan edik, qachon bo‘ladi deb savollar bergandik.

Mast holda mashina haydaganlarga javobgarlik kuchaytirilishi ham, jarima ballarining qo‘llanilishi ham, avtomaktab bilan bog‘liq qismlarini ham — hammasi zo‘r, bu kutilgan qonun va uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo asosiy e’tiroz huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini video yoki fotosuratga olib, internetga joylaganlik uchun ma’muriy qamoq darajasigacha bo‘lgan javobgarlikni belgilash haqidagi qismiga edi. Umuman masalaning mohiyati shu edi. Hozir necha nafar odam o‘lgani, haydovchilarni tarbiyalashimiz kerakligi, ahvol chatoqligi haqida gapiryapmizda, xuddiki shu bilan mana shu moddani xaspo‘shlayotgandek bo‘lib qolyapmiz.

Xushnud Xudoyberdiyev.Xushnud Xudoyberdiyev.

Vaholanki odamlar o‘lishiga internetga video joylashni aloqasi yo‘q, video joylashni taqiqlab qo‘ysak odamlar o‘lmay qoladi degan tushuncha yo‘q, yoki video joylashni taqiqlab qo‘ysak qizil chiroqda hech kim o‘tmaydi, haydovchilarimiz madaniyatli bo‘lib qoladi, degan gap ham yo‘q. Bular umuman bir-biri bilan bog‘lanmaydigan boshqa-boshqa masalalar. Bu bilan ko‘p ham chalg‘imasligimiz kerak. Asosiy savol quyidagicha: nima uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga alohida bitta modda kiritilib, ularni video va fotoga olib, internetga joylashni taqiqlash niyat qilingan?

Farxod aka yuqorida bunday holatlar necha marta kuzatilgani haqida yaxshi savol berdi. Bu savolga Senat o‘zining saytida javob bergan. 2 yil davomida 253 ta video yoki foto suratga olib tarqatish holati kuzatilgan va shundan 102 tasi, ya’ni 40 foizi yolg‘on, 60 foizi esa rost bo‘lib chiqqan.

Ikki yilda 102 ta holat bu bir yilda 51 ta holat degani. Bir oyda 4−5 ta bunday holat bo‘lyapti. Bir yilda yo‘llarda 2−2,5 ming odam o‘lyapti. Bu bir kunda 6−7 ta odam o‘lyapti degani, ya’ni shu yerda gaplashayotgan vaqtimizning o‘zida qayerdadir biron vatandoshimiz vafot etgan bo‘lishi mumkin. Bu juda katta va ayanchli raqam, shuning uchun buni tartibga solishga ehtiyoj bor. Shuning uchun mana shu qonunning katta qismi qabul qilinyapti. Buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Lekin bir oyda atigi 4−5 ta, bir yilda esa 51 tagina holat kuzatilayotgan narsa uchun odamlarimiz, fuqarolarimizning konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan axborot erkinligiga zid normani kiritish aql ham, mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Shuning uchun ham iltimos qilardim, odamlar o‘lishini, yo‘llardagi holatni umuman bunga qo‘shib yubormanglar. Bir-biri bilan bog‘lanadigan hech qanday joyi yo‘q. Bu shunchaki tizimdagi korrupsioner, o‘z ishini yaxshi bilmaydigan, qonunlarni buzadigan xodimlarning videolari, rasmlari chiqib ketib, o‘zlarining muammo va kamchiliklari oshkor bo‘lishidan qo‘rqib o‘ylab topilgan qonun.

Sababi, agarda kimdir organ xodimi haqida yolg‘on video joylagan bo‘lsa, o‘sha odamni bemalol javobgarlikka tortsa bo‘ladi. Buning bir nechta qonuniy asoslarini Farxod aka o‘qib berdilar. Shuning uchun bu qonunda hech qanday ma’no-mantiq yo‘q, deb o‘ylayman. Og‘riqli va afsusli tomoni shundaki, senatorlar qonunga o‘zgartirish kirita olmaydi va agar ular bitta mana shu “ahmoqona” modda tufayli qonunni qaytaradigan bo‘lsa, 99 foizi zo‘r yozilgan qonunimiz ham ortga qaytishga majbur bo‘ladi.

Lekin, menimcha, baribir bu qonunni qaytarishimiz kerak bo‘ladi. Albatta, buni senatorlarimiz hal qilishadi. Shuning uchun ko‘rib chiqib, mana shu savollarni yig‘ib, muhokama qilib, fuqarolarning axborot erkinligiga xilof ravishda qabul qilinayotgan modda tufayli qonunni o‘tkazib yubormasligingizni va qaytarishingizni iltimos qilardim.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Kutbiddin Burxanov bunga javoban quyidagi gaplarni aytdi.

Bildirgan fikrlaringiz uchun rahmat. Men ijobiy yoki salbiy bo‘lishidan qat’iy nazar barchaga o‘z fikrini bildirgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Lekin bu katta yig‘ilishda, parlament qo‘mitasi yig‘ilishida qonunni haqorat qilishdan o‘zingizni tiyishingizni so‘rab qolaman. Ahmoqona emas. Chunki qonunchilik palatasi qabul qilgan qonun haqida sal o‘ylab gapirish kerak bo‘ladi, hurmat qilish kerak, qonun ustuvorligini ta’minlash kerak.

Oshkoralik masalasida fikr bildiring, biz sizga javob beramiz. Hozircha sizga yurist sifatida tushuntirib berishim mumkin. Davlat tomonidan har qanday huquq buzilishi holatlarining oldini olish choralari ko‘riladi. Buning jamiyatda bo‘lgan muammolarni hal qiluvchi qonunlar qabul qilinadi. Shu qonun qabul qilindi, kelib tushdi.

Sizning kasbingizni bilmadim, agar yurist bo‘lsangiz, yuristlar yaxshi biladi, bu yerdagi boshqa yuristlar ham o‘z fikrini bildiradi: Har bir huquq buzilishining yoki jinoyatning subyektiv tomoni bor. Bu yerda qonun birinchi safar xalqning noroziligiga olib kelgan joyi qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda “suratga olish va joylashtirish” deyilgandi. Hozir u so‘z yo‘q. Qonunda faqat “g‘araz maqsadlarda foto, videoga olish va tarqatish” deyilyapti. Demak gap oldindan yomon maqsad, sharmanda qilish maqsadi, obro‘sizlantirish maqsadi haqida ketmoqda.

Bu tushunchani professorimiz, yuridik fanlar doktori Akbar Rasulov tushuntirib berdilar. Shuning uchun, ba’zida bilmagan holatlarimizni olimlar gapirganda quloq solish kerak bo‘ladi. Bu sizning bir o‘zingizning fikringiz. Biz fikringizni hurmat qilamiz, o‘zingizni ham hurmat qilamiz. Lekin qarorni bu yerda o‘tirgan Senat qo‘mitasi a’zolarigina qabul qilishadi.

Shundan so‘ng Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov savolga javob berdi:

Bu qonun ustida 1,5 yildan beri ishlayapmiz. Aynan shu moddaning muhokamasi juda ko‘p bo‘ldi. Siz aytib o‘tgan raqamlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, qolganlari bo‘yicha ham o‘rganish ishlari olib borilyapti, to‘xtagani yo‘q. Qonun dispozitsiyasiga ham, sanksiyasiga ham to‘xtalmayman, bu haqda bir necha bor gapirildi.

Men bir narsaga amin bo‘ldimki, mana shu qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilganidan keyin, jamoatchilik [muhokamasi]ga qo‘yilganidan keyin bizga murojaat qiladiganlar ko‘paydi. Bizda inspeksiya va boshqa shu bilan shug‘ullanadigan o‘z tashkilotlarimiz bor. Bizga bunday holatlarni olib kelishyapti, biz esa buzmagan holda, bor holatda ko‘rib chiqyapmiz. Hech qaysi fuqaroning huquqi cheklangani yo‘q.

Qaytanga, bizga o‘shani olib kelib, oldini olgani foydali. Buni ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ko‘rsatgandan ko‘ra, to‘g‘ri, bor narsani olib kelsa, biz xizmat tekshiruvi o‘tkazib, kerakli jazo choralarini qo‘llaymiz. Bunday holatlar bilan bizning inspeksiya juda ham jiddiy shug‘ullanmoqda. Har bir holatning ichiga kirib, oxirigacha yetkazib, kim haq, kim nohaqligini belgilab, nohaq bo‘lgan xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilyapti. Hatto ichki ishlar idoralaridan bo‘shatilgan holat ham mavjud.

Faqat bu yerda bir narsani to‘g‘ri talqin qilishimiz kerak: Faqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari emas, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazarda tutilmoqda.

Erali Bozorov va Baxtiyorjon Murodov. Foto: Senat.Erali Bozorov va Baxtiyorjon Murodov. Foto: Senat.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Jinoyat huquqi kafedrasi dotsenti Akbar Rasulov savolga javob qaytardi:

Turli fikrlar, salbiy va ijobiy fikrlar bildirilmoqda. Men shov-shuvga sabab bo‘layotgan 195 prim 2 modda haqida to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Avvalambor ushbu moddaning mazmun-mohiyatini hamma uchun tushunarli darajada yoritib bermoqchi edim. Bu moddada belgilangan huquqbuzarlikning asosiy belgisi avvalambor subyektiv tomoni hisoblanadi. Ya’ni faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini obro‘sizlantirish maqsadida joylashtirilsagina javobgarlik belgilanyapti.

Undan tashqari, o‘sha foto va video tasvirlar noaniq, buzib, yolg‘on qilib ko‘rsatilsagina javobgarlik nazarda tutilyapti. Yaqin orada ijtimoiy tarmoqlarda bozorda ichki ishlar xodimi elektroshokerdan foydalangani videosi tarqaldi. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida o‘sha ichki ishlar organi xodimi o‘sha maxsus vositani qonuniy ishlatgani aniqlandi. Ya’ni mana shu yerda video tasvir noaniq qilib ko‘rsatilgan. Ya’ni faqatgina o‘sha qo‘llanilgan paytdagina ko‘rsatildi, lekin undan oldingi harakatlar ko‘rsatilmagan. Bu holat noaniq videotasvir deb nazarda tutiladi. Buni oddiy bir misol sifatida keltirmoqchi edim.

Bundan tashqari, nima uchun 202 prim 2-modda borligiga, tuhmat uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar borligiga qaramay, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘zi uchun alohida modda yaratdi, degan fikr aytib o‘tildi. Undan keyin o‘zining noqonuniy xatti-harakatlarini, bilimsizligini yashirish uchun javobgarlik nazarda tutilyapti degan fikrlar bildirildi. Men bu fikrlarga qo‘shilmayman.

Alohida norma huquq nazariyasida maxsus norma deyiladi. Tuhmat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar — umumiy moddalar. Ya’ni har qanday holatni qamrab oluvchi moddalar hisoblanadi. Ma’muriy huquq doktrinasida, jinoyat huquqi doktrinasida ayrim holatlarda umumiy normadan maxsus normani ajratish talab etiladi. Masalan, oqibatlari bilan bog‘liq holatlari alohida moddada nazarda tutilishi maqsadga muvofiq bo‘lib qoladi.

Bu moddaning alohida moddaga ajratilishining asosiy sabablaridan biri — uning oqibatlari. Men e’tiboringlarni buning salbiy oqibatlariga qaratmoqchi edim. Masalan 202 yoki tuhmat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalardagi qilmishlar bevosita aniq shaxslarga nisbatan sodir etilishini nazarda tutadi. Ya’ni o‘zining qandaydir shaxsiy munosabati, kelishmovchiligi yoki adovati natijasida sodir etilganligini nazarda tutadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga nisbatan sodir etilib, uni obro‘sizlantirish maqsadida ommaga tarqatilsa, xalqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, butun organ tizimiga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatlari juda ham og‘ir. Chunki aholini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan salbiy munosabati oqibatida ishonchsizlik vujudga kelishi mumkin. Huquqni muhofaza qiluvchi organga nisbatan xalq ishonmasa qanday qilib o‘sha organning asosiy vazifasi — fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlarini noqonuniy tajovuzlardan, jinoiy tajovuzlardan, noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilish vazifasini qanday qilib ular to‘la-to‘kis bajara oladi? Bu vazifa bajarishni murakkablashtiradi-ku.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organga xalq ishonmasa, o‘zining buzilgan huquqlarini organlardan emas, boshqa yo‘llar orqali himoya qilishni istay boshlaydi. Masalan, “samosud” holatlari ko‘payib ketmoqda. Bu degani o‘z huquqini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan o‘zboshimchalik bilan boshqa fuqarolarni sodir etgan harakatlarida gumon qilib yoki ayblab o‘zi uni jazolayapti. Bunda butun davlatimizda o‘rnatilgan tizim, tartib, intizom buziladi-ku. Buning oqibatlariga sal kengroq qarash kerak.

Bu yerda faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organning shaxsi emas, undan muhimroq manfaatlar turibdi. Butun xalq, butun aholi uchun muhim bo‘lgan manfaatlar turibdi. Mana shunga e’tiboringlarni qaratmoqchi edim.

Akbar Rasulovning javobidan so‘ng Kutbiddin Burxanov unga masalani “ilmiy asoslab” bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so‘ng u quyidagi fikrlarni bildirdi: Ichki ishlar vazirligi bergan axborotga ko‘ra, 2022, 2023-yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari 253 marta fuqarolar tomonidan foto va video tasvirlarga olinib, internet tarmoqlariga tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul boshqarmalari tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Bundan tashqari, videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan to‘xtatilgani, qoidabuzarlikning ma’muriy bayonnomasini rasmiylashtirish uchun qarshilik ko‘rsatib, tasvirga olinganligi, shundan so‘ng noto‘g‘ri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.

Ta’kidlash lozimki, videotasvirlarni o‘rganishga 2−3 kunlab, ayrim vaqtlarda esa haftalab vaqt sarflanadi. Bu kabi holatlar esa xodimlarni xalq orasida obro‘sizlantirishga olib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajribalar o‘rganilganda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini sur’atga olish taqiqlangani, muayyan choralar belgilanganini ko‘rish mumkin.

Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000-yilda tasdiqlangan. Mazkur norma terrorizmga qarshi qonunning bir qismi sifatida qayd etilgan.

Mazkur normaga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va Internetga joylashtirish taqiqlangan. Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanishini aniq ko‘rsatadigan qonun loyihasi bugungi kunda parlamentda muhokama qilinmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, ko‘plab davlatlar qonunchiligida ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifasini amalga oshirish chog‘idagi faoliyatini suratga yoki tasvirga olish hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlangan va buning uchun tegishli choralar ko‘rilishi mustahkamlangan. Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va javobgarlik belgilanmoqda.

Shundan so‘ng Daryo.uz muxbiri Musulmonbek Ibrohimov quyidagicha savol berdi:

Bir necha yil avval avtomobillarning oynalari tusini o‘zgartirish bo‘yicha qonunga o‘zgartirish taklifi berilganda, ichki ishlar organlaridagi mas’ullarimiz “agar ularga ruxsat bersak, [ular mashina] ichida nima qilayotganini qayerdan bilamiz”, degan fikrni aytishgandi. Bunga keyinchalik ruxsat berildi, lekin huquqbuzarlik oshib ketgani yo‘q, jinoyatchilik ko‘payib ketgani yo‘q. Bu normani ham men xuddi shunday norma deb hisoblayman. Xushnud akaning fikrlariga 100 foiz qo‘shilgan holda aytmoqchimanki, biz agar [IIO xodimini] haqorat qilsak yoki obro‘siga putur yetkazsak, u bizni ma’muriy sudga berishi kerak.

Nechta ichki ishlar xodimi o‘z obro‘sini himoya qilib ma’muriy sudlarga murojaat qilgan? Nechta odamning ustidan chora ko‘rildi? Menimcha ham boshqa normalarda bor narsani yana boshqa normada ko‘rsatish — mantiqsizlik. Bu yig‘ilish ham mana shu moddani himoya qilish uchun o‘tkazilayotgan yig‘ilishdek tasavvur uyg‘otyapti.

Professor Akbar Rasulov agar qonun qabul qilinmasa bu huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xalq ishonchmasligiga olib kelishi mumkin, degan fikrni aytyapti. Buni jamiyatshunoslar aniq fikrlab aytishi kerak. Bunday bo‘lib ketishi mumkin, bunday bo‘lib ketishi mumkin degan fikrlar Senat yig‘ilishida aytiladigan fikrlar emas. Aniq aytilishi kerak, mana shuncha huquqbuzarlik bo‘ldi, bunga mana shu sabab bo‘ldi, deb. Biz o‘rgandik, tahlil qildik, jamiyatshunoslar o‘rganyapti, psixologlar o‘rganyapti, shunday xulosalarga kelyapti, degan aniq fikrlar kerak.

Bundan tashqari, Yevropa politsiya tizimiga o‘tgan, bizning qonunchilik bilan ularning qonunchiligi butunlay farqlanadi. Yevropa jamiyati ham umuman boshqa, bizning jamiyat umuman boshqa. Agar Yevropa fuqarolariga mos tizim olib kelinadigan bo‘lsa, yaxshi narsalarni olib kelishimiz kerak.

Musulmonbek Ibrohimov savoliga “Sevimli” telekanali jurnalisti Dilfuza Esonova ham qo‘shimcha qilib, quyidagi fikrlarni aytdi:

O‘tgan safarga majlisda ekspertlar asosan qo‘llab-quvvatlovchilar bo‘ldi. Biz ochiq fuqarolik jamiyatida yashayapmiz, blogerlar ham o‘zining fuqarolik pozitsiyasini bildirmoqda. Birgina voqeani esga olaylik. Samarqanddagi gaz masalasi bo‘yicha voqeada ayollar borgan vaqt ichki ishlar xodimi o‘zi pogonni yulib, aybni ayolga to‘nkamoqchi bo‘lgandi. Lekin holatni yonida turgan shaxs videoga olgani uchun haqiqat yuzaga chiqdi. Ichki ishlar tizimida vijdonan ishini bajaradiganlar bor. Lekin vakolatini mana bunday suiiste’mol qiladiganlar ham bor. Farxod aka aytganlaridek, konstitutsiyada inson manfaatlari bilan bog‘liq normalar bor. Bu qonun konstitutsiya bilan qanchalik uyg‘un?

Savolga Kutbiddin Burxanov quyidagicha javob berdi:

Yana bir bor ta’kidlayman. Qonunda video yoki suratga olish taqiqlanmayapti. Olsin, lekin undan g‘araz maqsadlarda, obro‘sizlantirish, sharmanda qilish maqsadida foydalangan taqdirda javobgarlikni nazarda tutyapmiz. Masalan, sizni yoki meni ertaga bilib turib qasddan obro‘sizlantiradigan bo‘lsa, chora ko‘ramizmi yo‘qmi? Shu to‘g‘risida gap ketyapti, hech kim qarshilik qilayotgani yo‘q. Qonun taqiqlamayapti. Birinchi o‘qishda qabul qilinganda ijtimoiy tarmoqlarda suratga olish taqiqlanyapti degan gap chiqqan edi. Senatga kelib tushgan qonunda taqiqlanmayapti, olsin, marhamat.

Xizmat vazifasini bajarayotgan xodimni istalgan joyda, istalgan vaqtda tasvirga olsin, lekin bundan g‘araz maqsadda foydalanish uchun javobgarlik belgilanyapti. Bu butun dunyo miqyosidagi normalar deb o‘ylayman. Bizning vazifamiz ham, siz aytayotgan konstitutsiyada ham asosiy maqsad ham jinoyatchilikning barvaqt oldini olish. Sodir bo‘lganidan keyin uning javobgarligini hal qilish emas, jamiyatda kelib chiqayotgan negativ holatlarning oldini olish maqsadida shu qonun qabul qilinyapti.

Keyinchalik muloqotga yuridik fanlari doktori Baxtiyor Murodov qo‘shildi:

Jamoatchilikka bu qonunga qiziqqani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Shu bilan bir qatorda bir narsaga oydinlik kiritib olsak. Ibrohim aka, (Daryo.uz jurnalisti Musulmonbek Ibrohimov nazarda tutilmoqda — tahr.) shu qonun loyihasini o‘qidingizmi? Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202 prim 2 moddasi bilan farqini tushunib yetdingizmi? Tushunib yetaylik-da avval. Keyin savol bersak, o‘rinli bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqda fikr berayotgan 90 foiz odam afsuski qonun normasini o‘qimasdan turib munosabat bildiryapti. Hamkasbim nima uchun maxsus norma kiritilishini tushuntirdi. Bozor bilan bog‘liq holatda jinoyat sodir etgan shaxsni quvib borib, ushlash jarayonida elektroshoker qo‘llayapti-da, o‘sha jarayonning o‘zini [videoga] olib beryapti. Jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanishiga sabab bo‘lyapti.

Baxtiyor Murodov. Foto: Kun.uzBaxtiyor Murodov. Foto: Kun.uz

Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonunning 9-moddasi bor. Unda biz faoliyatimizda ochiqlik va shaffoflik prinsipiga rioya qilishimiz shartligi aytiladi. Shu nuqtai nazardan biz jamoatchilik bilan faol hamkorlik qilishga kirishishimiz kerak. Bir narsani biz doim e’tirof etamiz, jinoyatchilikning oldini olishda ham, unga samarali qarshi kurashishda ham, aybdor shaxsni aniqlab, uni jazolashda ham jamoatchilik bilar hamkorlikka kirishmasak, ishimiz samarali kechmaydi. Bizning jamoatchilikdan yuz o‘girishga haqqimiz yo‘q. Bu normaning ham biron joyida taqiq yo‘q, cheklov yo‘q. Faqatgina o‘sha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining shaxsi turibdi bu yerda, jamiyat oldidagi obro‘si turibdi, ertaga jamoat tartibini ta’minlash jarayonida qolganlar uchun qonuniy majburiy bo‘lgan talabni qo‘yish masalasi turibdi.

Bu faqat bizda bo‘layotgani yo‘q. Raisimiz rivojlangan G‘arb davlatlari, Yaponiya misollarini keltirib beryaptilar. Bizni qiynayotgan narsa, muhokamaga sabab bo‘layotgan masala — kelib tushayotgan savollarning o‘zagida aksariyat odam qonun mazmunini, to‘liq mohiyatini tushunib, hazm qilmasdan turib tanqid qilyapti. Cheklov yo‘q bironta, bemalol oling, bemalol tarqating. Bu yerda faqatgina obro‘sizlantirish maqsadida yolg‘on yoki buzib ko‘rsatganlik holati bo‘lsagina javobgarlik masalasi kelib chiqyapti. Tanqid qilishdan oldin qonun normalarini ko‘rib chiqsak, menimcha maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Statistika masalasi bo‘yicha, amaldagi normativ-huquqiy hujjatda o‘z ifodasini topmagan masala yuzasidan statistika yuritilishining o‘zi noto‘g‘ri, bu joriy qilinib, qonunda o‘z ifodasini topadigan bo‘lsa, keyin statistika yuritiladi va u mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Shundan so‘ng, Musulmonbek Ibrohimov o‘z savoliga oydinlik kiritdi:

Elektroshoker voqeasini misol sifatida keltiryapsizlar. Mana shu keysda video tarqatilgani xato yoki noto‘g‘rimi?

Muloqotga Kutbiddin Burxanov aralashib, bu yerda ekspertiza ketmayotgani aytib, jurnalistdan muhokama qilinayotgan qonun bo‘yicha savol berishni so‘radi.

“Biz qonunni muhokama qilyapmiz, siz hozir Senat to‘g‘risida ham ancha gaplarni gapirib yubordingiz, men indamadim. Lekin sal o‘ylab, aql bilan [savol] bering. Savolni bugun muhokama qilinayotgan qonun bo‘yicha bering”, — dedi u.

Keyin dialog quyidagicha davom etdi:

Musulmonbek Ibrohimov: elektroshoker haqidagi video to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi?
Kutbiddin Burxanov: Siz muhokama qilayotgan qonun bo‘yicha savolingizni bering.

Musulmonbek Ibrohimov: Noto‘g‘ri aytyapti-da.

Kutbiddin Burxanov: Siz unda noroziman deng. Bu yer tortishadigan joy emas. Siz bilan tortishgani chaqirganimiz yo‘q. Savolingizni bering, biz javob beramiz. Domla qanday bilmagan narsasini sizga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deydi?

Xushnud Xudoyberdiyev: Ko‘rmagan, bilmagan narsa bo‘lsa nima uchun misol qilib keltiradi?

Kutbiddin Burxanov: Misolni bu yerdagilar ko‘tardi-ku. Siz aniq savol bering, savolingizga aniq javob oling.

Kun.uz jurnalisti Baxtiyor To‘xtayev fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tasvirlarini qaysi maqsadda tarqatgani qanday aniqlanishini so‘radi.

“Shu sohada ishlayotgan ayrim nopok kimsalarning harakatlari haqida xabar bermoqchi bo‘lgan fuqarolar nohaq qamalib ketmasligiga kim kafolat beradi?”, — deya qo‘shimcha qildi u savoliga.

Kutbiddin Burxanov prokuratura organlarida agar ichki ishlar organi xodimi aybdor bo‘lsa, unga chora ko‘rish bo‘yicha 100 foiz vakolat borligini qayd etdi.

Baxtiyor To‘xtayev, shuningdek, bu modda mamlakatdagi ochiqlik siyosatiga dog‘ tushirishi yoki yo‘qligi haqida ham savol berdi.

Kutbiddin Burxanov bunga javoban “umuman dog‘ tushirmaydi”, deya ta’kidladi.

Kutbiddin Burxanovdan, shuningdek, “g‘arazli” degan so‘zga Adliya vazirligi sharh bergani yoki yo‘qligi, “g‘arazli” deganda aynan nima nazarda tutilayotgani so‘raldi.

Kutbiddin Burxanov esa qonun qabul qilinganidan keyin sharh berilishini aytdi.

Shundan so‘ng Xushnud Xudoyberdiyev o‘z fikrlarini bildirdi:

Hozir bu yerga jurnalistlarni urishgani chaqirdinglarmi, deb hayron qolyapman. Men o‘zim yuristman. Jinoyat-protsessual huquqi bo‘yicha Yuridik universitetda dars berganman. Shu sababli qonunlarni yaxshi tushunaman va birdaniga tushunmaslikka olib fikr bildirmanglar, iltimos. Biz ham qonun nimaligini tushunamiz.

Birinchidan, domlamiz bironta odam qonunning dispozitsiyasi o‘qib ko‘rmasdan fikr bildiryapti, dedi. Qonun loyihasi hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, qabul qilingan qonunning parlamentdagi matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, senat ko‘rib chiqayotgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, biz osmondan olib ko‘rib, fikr bildiramizmi? Siz yoki vakolatli organlar buning matnini to‘laqonli ravishda qayerda e’lon qildinglarki, biz ko‘rib, uni o‘qimadik? Hech qayerda e’lon qilingani yo‘q-ku bu qonun. Biz faqatgina senatning va qonunchilik palatasining xabarlarida ketgan so‘zlardan fikrlarni olib, o‘qib, keyin o‘z munosabatimizni bildiryapmiz.

Senatning press relizida obro‘sizlantirish va haqorat qilish degan so‘zni ishlatgansizlar. Obro‘sizlantirish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202 prim 2 moddasi dispozitsiyasida turibdi: Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, deb ketilgan.

Senat press relizida haqorat qilish degan so‘zni bergansizlar. Haqorat qilish bu alohida modda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham, Jinoyat kodeksida ham bor. Shuning uchun biz aytyapmizki, agarda biron videoni buzib talqin qilgan bo‘lsa, o‘zgartirgan bo‘lsa yoki kimnidir obro‘sizlantirish maqsadida chiqargan bo‘lsa, bunga shundoq ham shu kungacha mavjud bo‘lgan qonunlarda javobgarlik bor-ku. Agarda qarshilik qilib videoga olgan bo‘lsa, qarshilik qilishga ham oid modda bor-ku. Yana nima uchun bu moddani qo‘shish zarur bo‘ldi, degan savol o‘rtaga tashlanyapti. Bundan tashqari, maqsad qanday aniqlanadi degan savolga aniq javob berilmadi, prokuratura organlari aniqlaydi deyildi, umumiy.

Deylik, bir kishi Instagram`gami, Telegram`gami, YouTube`gami video joyladi. Videoda yolg‘on yo‘q. Joylagan inson hech qanday izohsiz videoni qo‘ygan. Tekshirish jarayonida maqsadi odamlarni ogohlantirish bo‘lganini, qonunni buzmanglar demoqchi bo‘lganini yoki shunchaki layk yig‘moqchi bo‘lganini aytsa, qanday qilib uning ko‘nglida obro‘sizlantirish maqsadi bo‘lganini bo‘yniga qo‘yasizlar? Nima asos bo‘ladi bunga? Ichiga kirib chiqmagan bo‘lsa. Va jurnalistimiz ham to‘g‘ri savol berdi, ertaga nohaq ayblashlarga o‘tib ketilmaydimi?

Kutbiddin Burxanov bularga javoban jurnalistlarni so‘kish uchun emas, savollarini eshitish uchun to‘plashganini ta’kidladi. Keyin dialog quyidagicha davom etdi.

Kutbiddin Burxanov: Hech kim hech kimni so‘kayotgani yo‘q. Birinchi haqorat so‘zi o‘zingizdan chiqdi, “ahmoqona” qonun deb baho berdingiz.

Xushnud Xudoyberdiyev: So‘kish deganim yo‘q.

Kutbiddin Burxanov: So‘kish uchun chaqiribsizlar, dedingiz, “zapisni ko‘tarishimiz” mumkin. Shuning uchun aytyapmiz, hech kim so‘kish uchun chaqirgani yo‘q. Hurmat qilib taklif qilganmiz, istasangiz kelishingiz mumkin, istamasangiz kelmasligingiz mumkin edi.

Erali Bozorov qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini, faqat 7 nafar odam fikr bildirganini ta’kidladi.

Akbar Rasulov 202 prim 2 da javobgarlik belgilanganiga qaramay, yana bir norma kiritilayotganining sababi sifatida 202 prim 2 da ehtiyotsizlik natijasi sodir etilgan holatlar ham nazarda tutilishini qayd etdi va buni fikrini tushuntirishga harakat qildi.

Shundan so‘ng Kutbiddin Burxanov barchaga minnatdorchilik bildirdi va qaror qanday bo‘lishidan qat’i nazar senat majlisida qabul qilinishini ta’kidladi.