Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlarni o‘rgangan holda “Paxtakor futbol klubi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushi bo‘yicha ommaviy savdo jarayonlari vaqtinchalik to‘xtatilganini ma’lum qildi.

16-yanvar kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Paxtakor futbol klubi” MCHJning 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilganini ma’lum qilgandi. Klubni sotib oluvchi xaridor keyinchalik quyidagi talablarga rioya qilishi kerak bo‘ladi:

  • futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;
  • futbol klubi balansidagi barcha sport obyektlaridan, shu jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanish;
  • “Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.

“Paxtakor” O‘zbekistonda 1956-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan professional futbol klubi hisoblanadi. Jamiyatning yuridik manzili: Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi 98A-uy. Aktiv egallagan maydon 24,1 gektarni tashkil etadi. Qurilish osti maydoni: 83 ming 332,73 metr kvadrat (8,3 gektar), foydali maydoni esa 24 ming 262,57 metr kvadrat (2,4 gektar). Aktiv hozirda “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasi balansida hisoblanadi.

Klub sotilishi e’lon qilinganidan keyin jamotchilik vakillari klubga qo‘shib Toshkent markazidagi stadion ham sotilayotganiga e’tiroz bildirdi. Jumladan? sport jurnalisti, bloger Qahramon Aslanov o‘zining Kun.uz uchun yozgan maqolasida mohiyatan tadbirkor qaysi biriga pul to‘laydi, “Paxtakor” klubigami yoki “Paxtakor” stadionigami, degan savolni berdi. Jurnalistning fikricha, zinhor “Paxtakor” futbol klubi va “Paxtakor” stadionini qo‘shib sotmaslik kerak.

Moliyachi Otabek Bakirov egalik huquqi rasmiylashtirilganidan keyin xaridorga qo‘yiladigan talablar osongina o‘zgartirilishidan xavotir bildirgan.

“Xaridor akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak bo‘ladi. Lekin bu hozircha. Keyinchalik egalik xuquqi rasmiylashtirib olingach va, aytaylik, shahar chetida boshqa stadion qurilgach, talablar osongina o‘zgartirilishini istisno etib bo‘lmaydi”, — deb yozgan u.

Shuningdek, Otabek Bakirov keyingi postida shunday deydi: “Kimga „Paxtakor“ stadionini egallab turgan falon gektar maydon kerak bo‘lsa, marhamat, bozor narxida sotib olib, tadbirkorlik qilsin. Kimga futbol kerak bo‘lsa, marhamat, „Paxtakor“ futbol klubini mavjud bo‘lgan qiymatida sotib olib, rivojlantirsin. Marhamat”.

Klublarning xususiylashtirilishi

Klub xususiylashtirilishi prezidentning 2023-yil 24-martdagi qaroriga asosan yuz bermoqda. Mazkur qarorda, shuningdek, “Buxoro”, “Nasaf”, “Mash’al”, “Lokomotiv”, “Olmaliq”, “Metallurg”, “Bunyodkor”, “Sho‘rtan”, “Navbahor lochinlari”, “Dinamo plyus” futbol klublari ham xususiylashtirilishi belgilangan.

Shuningdek, Davaktiv Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan futbol klublarining bir davlat tashkiloti tasarrufida bo‘lishi sog‘lom raqobat muhitini yaratishga to‘sqinlik qilishi bildirilganini qayd etgan. Bugungi kunda futbol klublari davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar tasarrufida qolib, umumiy benefitsiar davlat bo‘lib qolmoqda. Bu holat xalqaro prinsiplarga muvofiq hisoblanmaydi. Shunga ko‘ra, dastlab jozibadorligi yuqori bo‘lgan futbol klublarini xususiylashtirgan holda xususiy sektorning ulushini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.

OFKning bu talabi haqida 2021-yilda O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayev ham gapirib o‘tgandi. O‘shanda birdaniga 9 ta Superliga va 4 ta Pro liga jamoasining aksiyalari hokimliklar va davlat kompaniyalari ma’muriyatiga ularni keyinchalik sotish sharti bilan topshirilgandi.

“OFK barcha klublar bir tashkilotga tegishli bo‘lishi mumkin emasligi bayon etilgan Litsenziyalash reglamenti bilan bunga qarshi chiqdi. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatiga oshirish hisobiga berilishi va keyinchalik belgilangan tartibga sotilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Ya’ni 2030-yilga qadar bu 13 klub baribir sotib ulgurilishi kerak”, — degandi o‘shanda Diyor Imomxo‘jayev.

Shuningdek, 15-yanvar kuni Diyor Imomxo‘jayev “Gazeta.uz”ning Mifonomika loyihasida “Paxtakor” va “Surxon” futbol klublari xususiylashtirilish arafasida turganini ma’lum qilgandi.

O‘zPFL rahbari suhbatda davlat 2030-yilgacha professional futbolni moliyalashtirishni to‘xtatish, klublarni xususiylashtirish va futbolni to‘liq bozor mexanizmiga o‘tkazish niyatida ekanini qayd etdi.

“Xususiylashtirish arafasida turgan klublar bor, birinchisi — „Paxtakor“. Barcha shu niyatda. Hammasi shaffof bo‘lsin, sotuvga qo‘yilsin, sotib oladigan odam sotib olsin. Investor ham tayyor, bu — katta loyiha. Ikkinchisi — „Surxon“. Bu klub aslida bir yil oldin xususiylashtirilishi kerak edi. Lekin klubda bundan avval ishlagan odamlar yo‘l qo‘ygan ba’zi xatolar bor, Surxondaryo prokuraturasi buni o‘rganish jarayonida, ish juda jiddiy ketmoqda”, — dedi PFL rahbari.

Uning ta’kidlashicha, hozirning o‘zida sotuvga qo‘yishga munosib bo‘lgan o‘zining poydevori, stadioni, yeri bo‘lgan “Nasaf” va “Bunyodkor” kabi tayyor futbol klublari bor. Lekin ularni sotib oluvchi investorlar masalasida muammolar mavjud.