Oliy Majlis Senatining 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisi kun tartibiga ichki ishlar organlari xodimlarining ish faoliyatiga oid foto va videolavhalarni “obro‘sizlantirish maqsadida” internet tarmog‘ida e’lon qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan qonun kiritilmadi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Juma kuni Senat dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish uchun jazoni yengillashtiruvchi, parlament vakolatlarini o‘zgartirish, “yashil sertifikat”ni joriy etish va boshqa qonunlarni ko‘rib chiqdi.

Qonunchilik palatasi 28-noyabr kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan qonun qabul qilgandi. Hujjatda, jumladan, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” surat va videolarini internetga joylaganlik uchun jazolash to‘g‘risidagi band ham o‘rin olgandi.

Reglamentga ko‘ra, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun 10 kun ichida Senatga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Parlament quyi palatasining 28-noyabrdagi qarorida aytilishicha, agar Senat ushbu qonun Senatga kelib tushgan kundan boshlab 60 kun ichida tegishli qaror qabul qilmasa, bevosita prezidentga yuboriladi.

Qonunchilik palatasining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ular qonunni belgilangan muddatda taqdim etgan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat 2023-yil 5−6-dekabr kunlari Senatga yuborilgan bo‘lishi kerak.

Shunday qilib, agar Senat 5−6-fevralgacha yig‘ilish o‘tkazmasa va ushbu qonun yuzasidan qaror qabul qilmasa, u prezidentga imzolanish uchun yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat Doniyor G‘aniyev mazkur qoida (uni buzish BHMning 50 barobari miqdorida (17 mln so‘m) jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘ladi) O‘zbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga zid ekanini, shuningdek, huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u qonunchilikda ushbu huquqbuzarlik uchun moddalar allaqachon mavjudligini bildirib o‘tgan.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi 11-yanvar kuni qonun loyihasi muhokamasini tashkil etgan. Jurnalistlar qonunning suiiste’mol qilinish xavfi borligini ko‘rsatib, mazkur qoidaga qarshi chiqqan. Senator va Ichki ishlar vazirligi vakillari ushbu tuzatishning ahamiyatini oqlashga harakat qilgan.