19−21-yanvar kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zgidromet xizmati agentligi rahbari Sherzod Habibullayev ogohlantirdi.

Qor ko‘chish xavfi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari (Chotqol tizmasining tog‘lari) hamda Namangan viloyatining Pop tumaniga taalluqli.

Tog‘li xududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li xududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘ralmoqda.

O‘zgidromet tog‘li hududlarda havo biroz bulutli bo‘lishi, 19−20-yanvarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ib, tuman tushishi haqida xabar bergan. 21-yanvarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi. Harorat 19-yanvarda kechasi 0…-5 daraja sovuq, kunduzi 0…+5 daraja iliq bo‘ladi, 20−21-yanvarda kechasi −6…−11 daraja sovuqqacha, kunduzi −2…−7 daraja sovuqqacha pasayadi.