Adliya vaziri Akbar Toshqulov Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishida ayrim korxonalarda xalqaro sertifikat yo‘qligi uchun global logistika zanjirlariga qo‘shila olmayapgani, iqtisodiyotning drayver sohalarida xalqaro standartlarni joriy qilish darajasi 35 foizga ham yetmayapgani ta’kidlandi.

Shu bois, Texnik tartibga solish agentligi to‘liq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi.

Ushbu sohadagi barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga yetkazish uchun adliya vaziri Akbar Toshqulov mas’ul etib belgilandi. Ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, ushbu agentlikka rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirildi.

Mutasaddilarga 2024-yilda eng ko‘p eksport bo‘ladigan Yevropadagi 10 ta davlat bilan milliy sertifikatni ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvga erishish, 1,7 mingta xalqaro standart va 19 ta texnik reglamentni qabul qilish, 1,2 mingta korxonada xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, sifati kafolatlangan mahsulotlar turini 4 mingtadan 7,5 mingtaga yetkazish topshirildi.

Joriy yilda GSP+ tizimi orqali Yevropaga eksport qilinadigan tovarlar turini 700 taga, hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Avvalroq investitsiyalar sohasida chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingandi.