Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ta’kidladi.

Endilikda 40 mingta budjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumandan Soliq qo‘mitasida yangi tashkil qilinadigan budjet tashkilotlari inspeksiyasiga o‘tkaziladi. Bu inspeksiya to‘liq raqamlashgan bo‘ladi va G‘aznachilik elektron tizimiga integratsiya qilinadi.

Soliq qarzdorligi bilan ishlash bo‘yicha ham qo‘mita qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi. Buning hisobiga, tumanlardagi qo‘shimcha 200 nafar soliqchini “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazish imkoni bo‘ladi.

Respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim bo‘ladi. Buning uchun Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi.