Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda bandlik tizimiga kiruvchi kasbga tayyorlash muassasalari faoliyati talab darajasida emasligini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Hozirda chet elda ishlayotgan vatandoshlarimizning aksariyati oddiy va og‘ir, kam ish haqi to‘lanadigan mehnat bilan shug‘ullanmoqda. Yevropa, Osiyoning rivojlangan mamlakatlari bilan juda katta kelishuvlar doirasida 150 ming ishchiga buyurtma berilgan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 9 ming ishchi yuborildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu munosabat bilan tashqi mehnat migratsiyasi tizimidagi ishlarni lozim darajada tashkil qilish muhimligini ta’kidladi. Davlat rahbari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ish o‘rinlarini yaratish va aholini kasbga o‘qitish borasidagi kamchiliklarni bartaraf etib, 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborish vazifasini topshirdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda 2023-yili 16 ta tuman va shaharda doimiy ish o‘rinlarini yaratish rejasi 70 foizga ham bajarilmagani ta’kidlandi. Bandlik idoralari esa ish so‘rab kelgan odamlarga osongina nafaqa tayinlashga o‘tib olgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi.