Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

“Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi. Ushbu rahbarlar bir hafta muddatda xalqqa murojaat qilib, rejalarini oddiy tilda tushuntiradi hamda o‘ziga katta mas’uliyat va javobgarlik oladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, endi vazir o‘rinbosarlarini 70 foiz ishi tumanda bo‘lib, ular vazirlik uchun belgilangan KPI ijrosini joyida tashkil qiladi. Belgilangan rejalarga erishish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi: vazirlik va idora rahbarlarining hisoboti har haftada Hukumat rayosatida, har chorakda esa Oliy Majlisda ko‘rib chiqiladi.

Yig‘ishishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani, bu yil ham bu borada katta rejalar olingani qayd etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq hokim o‘rinbosarlari va “Mahalla yettiligi” uchun KPI (Key performance indicators — asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari) belgilanishi haqida xabar berilgandi.