Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Sharof Rashidov, Pastdarg‘om, Angor tumanlari, Andijon va Termiz shaharlaridagi 123 nafar hokim yordamchisining aholini tadbirkorlikka jalb qilish ishlari qoniqarsiz bo‘lgani sabab ularni to‘liq yangilashga topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

O‘tgan yili 16 ta tuman va shaharda doimiy ish o‘rinlarini yaratish rejasi 70 foizga ham bajarilmagan. Prezident bandlik idoralari ish so‘rab kelgan odamlarga osongina nafaqa tayinlashga o‘tib olganini tanqid qildi.

Shuningdek, prezident respublikadagi 319 ta mahalladagi hokim yordamchilari aholini biznesga jalb qilish, bandlikni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha natija ko‘rsata olmaganini qayd etdi. Jumladan, Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov, Pastdarg‘om, Angor tumanlari, Andijon va Termiz shaharlaridagi 123 nafar hokim yordamchisining aholini tadbirkorlikka jalb qilish ishlari qoniqarsiz ekanini aytgan. Davlat rahbari shundan kelib chiqib, bu hokim yordamchilarini to‘liq yangilash va tajribali hokim yordamchilarini biriktirish vazifasini topshirdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.