O‘zbekistonda xorijiy tovarlarning davlat xaridlarida ishtirok etishiga cheklovlarni kuchaytirish va mahalliy kompaniyalarga ko‘proq imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda. Bu bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25-dekabrdagi 118-sonli majlisi bayonnomasida nazarda tutilgan (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud).

2021-yil yanvar oyi oxirida hukumat 520 dan ortiq xorijiy tovarlarning davlat xaridlarida ishtirok etishini taqiqlagandi. Ularning orasida oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, qurilish materiallari, maishiy texnika, avtomobillar, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqalar bor.

Adliya vazirligi mazkur taqiqni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini jonlantirish va aholi bandligini ta’minlash zaruriyati bilan izohlagandi. Taqiq va cheklovlar faqat davlat xaridlariga taalluqli — xususiy tadbirkorlar o‘z ehtiyojlari uchun istalgan tovar va xizmatlarni xarid qilishi mumkin.

Keyinchalik hukumat cheklovlarni yumshatdi va 2025-yil 1-yanvargacha import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat berdi.

Yangi protokolda mahsulot yetkazib berish, xizmat ko‘rsatish (shu jumladan, tayyor holda) uchun davlat xaridlari doirasida yollangan bosh pudratchi, pudratchi va yordamchi pudratchini (mulkchilik shaklidan qat’i nazar) davlat xaridlaridagi to‘laqonli ishtirokchi sifatida tan olinishi rejalashtirilmoqda. Keyinchalik esa ularga davlat xaridlari doirasidagi tenderlarda ishtirok etishni vaqtincha taqiqlash va cheklash bilan bog‘liq cheklovlarni qo‘llash taklif etilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda tegishli hukumat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.

Xuddi shu muddat ichida quyidagi mazmundagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirig‘i berildi: agar tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlarida xorijiy yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi (hozirda kamida uchta) ishtirok etsa, u holda mahalliy ishlab chiqaruvchiga narx bo‘yicha imtiyoz beriladi (import qilinadigan tovarlar uchun O‘zbekistonga CIP narxining 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda).

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan davlat budjeti yoki davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalarda, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalarda mahalliy elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanishni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Buning uchun mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov (tender) e’lon qilinganda mahalliylashtirilgan elektrotexnika qurilmalari, uskunalar, mahsulotlar va xizmatlardan kelib chiqib “lotlar” taqdim etiladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kvalifikatsion talablarni yengillashtiruvchi mexanizm joriy etiladi.

Avval xabar berganimizdek, xuddi shu protokolda maishiy texnika importiga antidemping boji joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Uning hajmi taxminan 10 foizni tashkil etishi mumkin. Elektrotexnika sohasida faoliyat yurituvchi yirik korxonalar va eksportyorlarni “vakolatli iqtisodiy operatorlar” ro‘yxatiga kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar muddati 2027-yilgacha uzaytirilishi mumkin. Shuningdek, ularga eksport qilishda valyuta kurslarini xedjirlash xarajatlarini qoplab berish va xomashyoni import qilishda yo‘l xarajatlarini qoplab berish va boshqalar taklif etilmoqda.