O‘zbekistondagi taniqli faollar, jumladan, blogerlar juma kuni Toshkent markazida #tozahavokerak heshtegi ostida fleshmob uyushtirdi, bundan maqsad odamlar va hukumat e’tiborini ekologik muammolarning yomonlashuviga, xususan, havo sifatining buzilishiga qaratish bo‘ldi.

Aksiyada ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (O‘rikguli), xonanda Konsta, stendaper Mirshakar Fayzulloyev, blogerlar Umid Gafurov (Troll.uz), Mirzayor Erkinov, YouTube`dagi podkastlar hammuallifi Sarvinoz Tolibayeva, YouTube`dagi Texnoplov loyihasi muallifi Sadulla Abdullayev, YouTube`dagi Teacher Azam loyihasi muallifi Azam Qahramoniy va boshqalar ishtirok etdi.

“Gazeta.uz” aksiya ishtirokchilari o‘z chiqishlari orqali nimani ko‘zlagani bilan qiziqdi.

Reper Konsta o‘zining “Havo” qo‘shig‘idan iqtibos ishlatdi.Reper Konsta o‘zining “Havo” qo‘shig‘idan iqtibos ishlatdi.

Aksiya O‘zbekistondagi havo bilan bog‘liq ekologik muammolarga odamlar va hukumat e’tiborini qaratishga bag‘ishlangan, — deydi Mo‘tabar Xushvaqtova.

“Muammo bir marta ko‘tarilgani uchun „bir martalik“ yechim qilinib, oxirigacha tizimli yechim bo‘lmasligidan juda qo‘rqyapman. Aksiya butun e’tiborni shu muammoga qaratish uchun o‘tkazilgan”, — deya ta’kidladi ekofaol.

“Hukumat bir martalik emas, balki uzoq yillarga mo‘ljallangan va qat’iy choralar bilan chiqishini kutyapman. „Muammo hozir bor, buni hozir yechamiz“, deb yechim bermasdan, 10 yildan keyin bunday natijaga erishamiz, 20 yildan keyin bunday natijaga ega bo‘lamiz, deydigan uzoq muddatli yechim xohlayapman”, — dedi u.

“Vaziyat yaxshi tarafga o‘zgaradi, degan umiddaman, chunki odamlar ham, faollar ham, hukumat ham befarq emas. Hamma birlashsa, hamma bu muammoning muhimligini tushunsa, albatta, yaxshi tomonga o‘zgaradi”, — dedi Mo‘tabar Xushvaqtova.

Umid Gafurov.Umid Gafurov.

Umid Gafurov o‘z intervyusida maqsad O‘zbekiston aholisi va hukumatining e’tiborini “bugungi kunning eng dolzarb, eng muhim, birinchi navbatda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammosiga” qaratish ekanini ta’kidladi.

“Anchadan beri O‘zbekistonda havo yomonlashyapti, suv muammolari bor, ekologik muammolar tobora o‘sib bormoqda, havoning sifati [yomonlashgani]ni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lyapti”, — deb ta’kidladi bloger. “Agar hozir chora ko‘rilmasa, keyin kech bo‘ladi”, — deb ishonadi u.

“Men bu holatning to‘liq, kerak bo‘lsa, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda to‘liq tahlil qilinishini kutyapman. Bir tomonlama tahlillar masalani hal qilishda yordam bermaydi. Shuning uchun to‘laqonli, kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishlarini xohlar edim”, — deydi Umid Gafurov.

“Men vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishini kutyapman, menimcha, hamma buni kutmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Mirzayor Erkinov.Mirzayor Erkinov.

Mirzayor Erkinov o‘zining Telegram kanalida fleshmob ishtirokchilari imkon qadar ko‘proq O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdagi ekologik vaziyatga befarq bo‘lmasliklari va uni yaxshilash uchun kurashda ishtirok etishlarini rag‘batlantirishni istashlarini yozdi.

“Har bir o‘zbekistonlik o‘zi uchunmas, atrofidagilar uchun ham mas’ulligi darajasini oshirishi kerak”, — dedi u.

“Undan kutayotgan maqsadimiz — hukumatning mas’ul bo‘g‘inlari ekologiya masalasini kun tartibida ushlab turishi, qat’iy-qat’iy choralar ko‘rishi, daraxtlar kesilishiga shunchaki jarima bilan javob bermasligi, qurilishlarni kamaytirishi va tabiatni asrashda jiddiyroq qonunlar qabul qilishi”, — deya ta’kidladi faol.

Sarvinoz Tolibayeva.Sarvinoz Tolibayeva.

Sa’dulla Abdullayev.Sa’dulla Abdullayev.

Mirshakar Fayzulloyev.Mirshakar Fayzulloyev.

Azam Qahramoniy.Azam Qahramoniy.

Eslatib o‘tamiz, jurnalistlar, faollar ko‘p yillardan buyon daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq muammolar, ko‘kalamzorlashtirishni keng rivojlantirish, havo sifatining yomonlashuvi va boshqalar haqida yozmoqda, lekin mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu borada keskin choralar ko‘rilganicha yo‘q. Rasmiylar yaqinda, xususiy va davlat ommaviy axborot vositalari, blogerlar va deputatlar havo sifati yomonligi haqida faol chiqishlar qilganidan so‘ng, muloqot uchun signal bera boshlashdi.

Kuni kecha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bayonot berib, unda Toshkent havosini ifloslantiruvchi asosiy omillarni sanab o‘tdi va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni taklif qildi. Jamoatchilik buni yaxshi qarshi oldi, ammo faollar, yuqorida ta’kidlanganidek, ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar qisqa muddatli samaraga erishishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.