10-yanvar kuni prezidentning “Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PQ-15-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, 2024−2025-yillar uchun elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
  • mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion so‘mgacha va 2025-yilda 38 trillion so‘mgacha oshirish;
  • mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda 1,5 milliard AQSh dollari va 2025-yilda 2 millard AQSh dollari miqdorida ta’minlash.

Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024−2026-yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.

Loyihalarni moliyalashtirish uchun bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga 2024−2026-yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklardan mahalliy banklarga 400 million dollar miqdorida kredit liniyalarini jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.

2027-yil 1-yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.

2024-yil 1-apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

  • 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
  • 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
  • 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.

Qaror bilan shuningdek, 2024-yil 1-fevraldan O‘zbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi.

2024-yil 1-fevraldan boshlab elektrotexnika korxonalari ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo va butlovchi qismlarni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lash imkonini beruvchi tizimda import qilishda bir vaqtning o‘zida istalgan hajmda yuk bojxona deklaratsiyasini jo‘natish tartibini joriy qilmoqda. Ushbu import solig‘i, birinchi navbatda, soliq organlari tomonidan qayd etilgan QQS summasidan undiriladi, so‘ngra yetishmayotgan qismi bojxona depozitida saqlanadigan mablag‘lardan undiriladi. Ushbu tartib, agar to‘lov 120 kunga kechiktirilsa ham qo‘llaniladi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zoligidan qat’i nazar, soha korxonalari uyushma tavsiyasiga asosan “vakolatli xo‘jalik yurituvchi subyektlar” reyestriga kiritiladi.

Majburiy raqamli belgilanishi kerak bo‘lgan maishiy texnika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, muvofiqlik sertifikatini berish va muvofiqlik deklaratsiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish tegishli markalash kodini olgandan keyin qat’iy amalga oshiriladi.

Milliy sanoat portalida mahalliy elektr jihozlarini xarid qilish uchun alohida sahifa yaratiladi.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlarda belgilangan majburiy ko‘rsatkichlarni aniqlashni ta’minlaydigan akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasiga ega bo‘lmagan sertifikatlashtirish organlariga elektr jihozlariga muvofiqlik sertifikatlarini berish taqiqlanadi.

Sanoat korxonalari o‘z mahsulotlarining tashqi bozorlarda jozibadorligini oshirish uchun marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, sanoatning loyihadan oldingi hujjatlarini (biznes-rejalar, texnik-iqtisodiy asoslar va boshqalar) ishlab chiqish, loyihalar, shuningdek, jahon bozorini o‘rganish va marketing tahlillarini o‘tkazish uchun xalqaro ma’lumotlar bazalariga (axborot resurslariga) ulanish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini (ilgari — 50 foizgacha) qoplaydi.

Endilikda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ijroiya apparatiga xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq (qisman yoki to‘liq) moliyalashtiriladi.

Elektrotexnika korxonalari 2027-yil 1-yanvarga qadar (ilgari 2025-yil 1-yanvargacha) ro‘yxatlarga muvofiq O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etildi.

Qarorga muvofiq 2024−2025-yillarda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilab olindi. Ular quyidagilardan iborat:

  • mis xomashyosini qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming tonnaga, 2025-yilda esa 160 ming tonnaga yetkazish;
  • ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion so‘mga, 2025-yilda esa 38 trillion so‘mga yetkazish;
  • 2024-yilda 1,5 milliard dollar va 2025-yilda 2 milliard dollarlik mahsulot eksporti hajmini ta’minlash.

Avvalroq O‘zbekistonda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlar 2027-yilgacha uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar qilingandi. Ularga eksportda valyuta kursini xedj qilish xizmatlaridan foydalanish xarajatlarini qoplab berish va xom ashyoni import qilishda transport xarajatlarini kompensatsiyalash reja qilinmoqda.