Markaziy bank Toshkent shahrida Yevrosiyo bankini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.

Qozog‘iston bankining shu’ba filialiga bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi.

Dekabr oyi oxirida Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi Yevrosiyo bankiga O‘zbekistonda shu’ba korxonasini ochishga ruxsat bergandi.

Ma’lumot uchun, Yevrosiyo banki Qozog‘iston tijorat banki bo‘lib, 1994-yilda tashkil etilgan. Bosh ofisi Olmaotada joylashgan. 2023-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 19 ta hududiy filiali va 119 ta kassa hisob-kitob filiallari mavjud.

Bank Ibragimovlar oilasi (Muqadasxon Ibragimova, tadbirkor Alijan Ibragimovning bevasi), tadbirkorlar Aleksandr Mashkevich va Fattoh Shadiyevlar boshchiligidagi “Yevrosiyo moliya kompaniyasi” guruhi tarkibiga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval Olimjon Shadiyevning Support Level kompaniyasi O‘zbekistonning “O‘zagroeksportbank”dagi davlat ulushini 5 million dollarga tendersiz sotib olgan va bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgandi. Yozda uning nomi AVO Bank deb o‘zgartirilgan.

Yevrosiyo banki O‘zbekistondagi ikkinchi qozoq bankiga aylanadi. 2019-yilning yozidan buyon mamlakatda Qozog‘iston Xalq bankining (Halyk Bank) shu’ba korxonasi Tenge Bank faoliyat ko‘rsatmoqda.