Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning fermasi aniqlandi, deya xabar bermoqda “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qo‘qon shahrining “Marg‘ilon darvozasi” mahallasida qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona egasi A.A. elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda mayning qurilmalarini ulab olgan va noqonuniy ravishda foydalanib kelgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, A.A. tomonidan “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” manfaatiga 900 mln so‘mdan ziyod (shundan mayning faoliyati uchun 800 mln so‘mga yaqin) zarar yetkazilgani aniqlangan.

Iste’mol qilgan elektr energiyasining mayning faoliyatini yuritishda foydalangan qismi uchun amaldagi qonunchilikka ko‘ra tarifga 5 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llanilib, jami 4 mlrd so‘mlik qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirilgan.

Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.