O‘zbekistonda 3 oyda 665 nafar inson yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning 11 oyida esa 8693 ta YTH sodir etilib, ularda 2 080 nafar inson halok bo‘lgan ва 8 055 kishi jarohatlangan.

Avvalroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov yanvar-iyul oylarida 1115 kishi YTH oqibatida vafot etgani, keyinroq 8 oyda 1415 nafar inson vafot etgani haqida xabar qilgandi. Agar 8 oyda 1415 nafar, 11 oyda esa 2080 nafar inson YTHdan vafot etgan bo‘lsa, bundan kelib chiqadiki, sentabr, oktabr va noyabr oylarida jami 665 nafar kishi YTH sabab vafot etgan.

“Ushbu yo‘l-transport hodisalarining yuz berishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarlikni mensimasligi va amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘mita 2023-yilning 7 oyi bo‘yicha bergan ma’lumotlarida hodisalarning faqat 51,4 foizi subyektiv sabablarga ko‘ra yuz berganini qayd etgandi.

Ichki ishlar vazirligi 2022-yilda 9902 ta YTH qayd etilganini, undan 48,1 foizi obyektiv sabablarga ko‘ra, ya’ni piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmagani, yo‘lni ikkiga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagani, piyodalar harakatini cheklovchi to‘siqlar o‘rnatilmagani, yo‘l qoplamasi nosozligi, veloyo‘laklar tashkil etilmagani va svetofor yoki yo‘l belgisi o‘rnatilmagani sabab sodir bo‘lganini ma’lum qilgandi.