Toshkent shahar sudida 10-yanvar kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Dastlab sudlov hay’ati tomonidan 23 nafar sudlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritildi. Prokuror qo‘shimcha ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Sudya Muso Yusupov sudlanuvchilardan ayblov tushunarli bo‘lgan-bo‘lmagani va aybiga iqror-iqror emasligini so‘radi.

Sudlanuvchilarning barchasi ayblov tushunarli bo‘lganini ma’lum qilib, ulardan 16 nafari o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovga umuman iqror emasligi, 6 nafari qisman iqrorligi, bir nafari esa aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi.

So‘ng sudlanuvchilar ayblov bo‘yicha birma-bir ko‘rsatma berdi, advokatlar, sudya va boshqa sudlanuvchilar o‘rtasida o‘zaro savol-javoblar bo‘ldi. Xususan, sudlanuvchi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev o‘z ko‘rsatmasida tergov jarayonida unga nisbatan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilganini aytib o‘tdi.

“Dok-1 Makc” ishi bo‘yicha 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisi stenogrammasi yaqin vaqt ichida “Gazeta.uz”da e’lon qilinadi. Avvalgi sud majlislaridan tayyorlangan reportajlar bilan “Dok-1 Maks” heshtegiga o‘tib, tanishish mumkin.