Toshkent shahridagi “Arzon Dorixona” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi, deya xabar qildi Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida Toshkent shahar Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasi, 26B uy manzilida joylashgan “Arzon Dorixona” МЧЖга tegishli dorixonada tekshiruv o‘tkazildi.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, 25 turdagi dori vositasi tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat ro‘yxatidan o‘tmagani hamda ushbu dori vositalarining muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlangan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha, “Arzon Dorixona” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun 2020-yil 9-sentabr kuni berilgan 1010-sonli litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi hamda “Arzon Dorixona” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.

Ma’lumot uchun, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiq sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.