GlobalPetrolPrices portali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 168 davlat orasida benzinning arzonligi bo‘yicha dunyoda 51-o‘rinda turibdi.

1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Ai-95 benzinining o‘rtacha narxi 1,118 dollarni (13 838 so‘m) tashkil etadi, bu dunyodagi o‘rtacha narx — 1,3 dollardan (16 028 so‘m) past. Shu bilan birga, portal ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu markadagi bir litr yonilg‘ining o‘rtacha chakana narxi 2022-yil boshidan buyon 17,7 foizga oshgan.

аи-95 benzini, benzin

Bu Markaziy Osiyo davlatlari va MDHning ko‘plab davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun, Turkmanistonda Ai-95 benzinining bir litri 0,43 dollar yoki 5297 so‘m (arzonligi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rin), Qozog‘istonda 0,53 dollar yoki 6605 so‘m (11-o‘rin), Ozarbayjonda 0,59 dollar yoki 7278 so‘m (15-o‘rin), Rossiyada 0,62 dollar yoki 7632 so‘m (16-o‘rin), Qirg‘izistonda 0,8 dollar yoki 9917 so‘mni (25-o‘rin) tashkil etadi. Tojikistondagi narxlar haqida ma’lumotlar keltirilmagan.

Afg‘onistonda yonilg‘i 1,059 dollar yoki 13104 so‘m (48-o‘rin), AQShda 0,91 dollar yoki 11267 so‘m (33-o‘rin) turadi. Gruziyada Ai-95 narxi sal qimmatroq — 1,24 dollar (15 408 so‘m), Ukrainada esa 1,4 dollar (17 442 so‘m).

Shunday qilib, O‘zbekistonda Ai-95 benzini narxi Turkmanistondagi o‘rtacha narxdan 2,6 barobar, Qozog‘istondagidan 2,1 barobar, Ozarbayjondagidan 1,9 barobar, Qirg‘izistondagidan 39,7 foizga qimmat.

Dunyodagi eng arzon benzin Eronda (0,029 dollar, 354 so‘m) ekani qayd etilgan, eng qimmati esa Gonkongda (3,1 dollar yoki 38 371 so‘m).

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning aksariyat mamlakatlari neft va neft mahsulotlarini taxminan bir xil — jahon narxida olish imkoniyatiga ega. Shu sababli mamlakatlar o‘rtasidagi narxlarning asosiy farqlari ikkita omilga bog‘liq: yakuniy mahsulotni tashish xarajatlari va soliqlar. Biroq aksariyat mamlakatlarda distributsiya xarajatlari narxning nisbatan kichik qismini tashkil qiladi. Shuning sababli asosiy farq soliqqa tortish va ayniqsa aksiz solig‘i daraja hisoblanadi. Bu har bir sotilgan litr yoki gallon yonilg‘i uchun davlat yig‘imlari hisoblanadi. Masalan, AQSh va Yevropa o‘rtasidagi narxlar farqi ko‘p jihatdan bu soliqlarning farqi orqali tushuntiriladi.

Qoida o‘laroq, boy mamlakatlarda narxlar yuqori bo‘lsa, kambag‘al mamlakatlar va neft ishlab chiqaruvchi hamda eksport qiluvchi mamlakatlarda narxlar sezilarli darajada past bo‘ladi. Yagona istisno AQSh hisoblanadi, mamlakat iqtisodiy jihatdan rivojlangan ekani qatorida u yerda benzin narxi past ham hisoblanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda Ai-80 benzini uchun “nol” darajadagi aksiz solig‘i stavkasi muddatini uzaytirmaslikka qaror qilingandi, shu sababli yonilg‘i narxlari yana, jumladan, yuqori oktanli benzin markalari uchun ham qimmatlagan.

Bundan tashqari, hukumat Ai-80 benzinining maksimal narxini belgilashni va benzinning bu markasida 2026-yilgacha bosqichma-bosqich voz kechishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Ai-80 benziniga aksiz solig‘i vaqtincha bekor qilingani sababli davlat budjetiga 100 mln dollar kamroq soliqlar tushdi, biroq O‘zbekiston aholisi bu imtiyozdan deyarli naf ko‘rmadi. Energetika vazirligi bunday asosiy foydani tadbirkorlar olganini tasdiqladi.