O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Haj va Umra” markazida Umra xizmatlari narxi 2024-yil 10-yanvardan e’tiboran bir kishi uchun 16 600 000 so‘m etib belgilandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonida Haj va Umra xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, narxlarini arzonlashtirish, ziyoratchilar uchun bir qator qulayliklar yaratish maqsadida, podshohlikdagi bir qator mutasaddi idoralar rahbarlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Idoraning ta’kidlashicha, muloqotlar natijasida Umra xizmatlari narxini yanada arzonlashtirishga erishilgan.

“O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan Umra xizmatlari har jihatdan qulay, arzon va xavfsizdir. Eng asosiysi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar, tunu kun shifokorlar xizmati, uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan hamda eng malakali imom-xatiblardan iborat ellikboshilar jalb etilgan. Shuningdek, Fatvo markazi ulamolari ishchi guruhi vakili sifatida shar’iy masalalarga doimo yechim topib beradilar”, — deyiladi xabarda.