“Maxsus harbiy operatsiya” paytida (rus hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqinini shunday ataydi) Rossiya Qurolli Kuchlarida yoki boshqa “harbiy tuzilmalarda” harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzgan chet elliklar soddalashtirilgan tartibda mamlakat fuqaroligini olishlari mumkin bo‘ladi. Prezident Vladimir Putin bu haqdagi tegishli farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini nafaqat shartnomani imzolagan xorijliklar, balki ularning oila a’zolari: turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onalari ham olishi mumkin.

Shartnoma kamida bir yil muddatga tuzilishi, fuqarolikni olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan oshmasligi kerak.

“RBK”ning e’tibor qaratishicha, xorijiy fuqarolarning ushbu toifalari rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslarini bilish imtihonlarisiz ham fuqarolik olish uchun ariza topshirishi mumkin. Ularga, shuningdek, olib tashlanmagan yoki o‘talmagan sudlanganlik holati hamda qurolli mojarolarda ishtirok etgani sababli fuqarolik berishni rad etish mumkin emas.

  • 2022-yil noyabr oyida Putin chet el fuqarolarining Rossiya armiyasida mamlakat fuqarolari bilan teng ravishda shartnoma asosida xizmat qilishiga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan.
  • 2023-yil may oyida Putin Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini berishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi farmonni ham imzolagandi. Unda “maxsus harbiy operatsiya paytida” degan so‘z yo‘q edi va arizani ko‘rib chiqish muddati bir oy emas, uch oy deb ko‘rsatilgandi, deya aniqlik kiritdi “Meduza”.
  • O‘tgan yilning oktabr oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Ukrainadagi urushda qatnashishdan bosh tortgan migrantlarni mamlakat fuqaroligidan mahrum qilishni taklif etgandi.
  • Yozdan beri Rossiya hududlarida mamlakat fuqaroligini olganiga ko‘p bo‘lmagan xorijliklarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda: ularga chaqiruv qog‘ozlari berilib, voyenkomatlarga olib borilmoqda va harbiy ro‘yxatga qo‘shilmoqda.

O‘zbekiston qonunchiligida jinoiy javobgarlik

O‘zbekiston davlat organlari fuqarolarni boshqa davlatlar qurolli kuchlari safiga qo‘shilganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekani haqida avval ham bir necha bor ogohlantirgan.

Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi BHMning 300 baravarigacha miqdorda jarima (102 million so‘m) yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, ularga yollanishi esa besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.