Ai-80 markali benzin uchun aksiz solig‘i stavkasi vaqtincha nolga tushirilishi oqibatida davlat budjeti 1 trillion 229 milliard so‘mga (hozirgi kurs bo‘yicha qariyb 100 million dollar) qisqardi. Bu haqda Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Aksiz solig‘ining nollashtirilishi va buning budjetga ta’siri

2022-yil 13-dekabrdan boshlab benzinga bo‘lgan talabning o‘sishi va yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyati cheklanishi munosabati bilan import va mahalliy Ai-80 benzini hamda uning chakana savdosida aksiz solig‘ini hisoblash va undirish stavkasi nolga tenglashtirildi — avval 2023-yilning 1-martiga qadar, so‘ng o‘tgan yilning oxirigacha.

“Nol” stavka qo‘llanishi bilan davlatga qarashli UNG Petro (“O‘zbekneftgaz”ning shu’ba korxonasi) yonilg‘i quyish shoxobchalarida eng arzon benzinning bir litri 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushdi (lekin bungacha 5500 so‘mgacha arzonlashishi kutilgan edi). Keyinroq narx 6050 so‘mgacha ko‘tarildi. Xususiy shoxobchalarda narx ancha yuqori edi.

“Bu imtiyoz aholidan ko‘ra tadbirkorlarga ko‘proq foyda keltirdi, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida. — AYOQSHlarda benzin sotish bozor tamoyillari asosida birja savdolari orqali amalga oshirilayotgani va uning narxi erkin shakllantirilgani bois Ai-80 benzinining litri Toshkent shahridagi Mustang yonilg‘i quyish shoxobchasida 8000 so‘m, Intran servis`da — 8 400 so‘m, Poytaxt Oil`da — 8 200 so‘m, IBR`da — 8 000 so‘m, Arena Petrol`da — 8 000 so‘m va Fath Oil`da — 8 200 so‘m bo‘ldi”.

Viloyatlarda narxlar 6500 so‘mdan 7700 so‘mgacha bo‘lgan. Qayd etilishicha, ayrim shoxobchalar shunchaki UNG Petro benzinini qayta sotish bilan shug‘ullangan, shu bois u yerda katta navbatlar yuzaga kelgan va yetkazib berish hajmi ikki barobarga ko‘payganiga qaramay, Ai-80 yonilg‘isi ba’zida tush paytigacha tugab qolgan.

Energetika vazirligi eski narxning qaytarilishi (UNG Petro mahsulotning har litrini 6800 so‘mdan sotmoqda, xususiy shoxobchalardagi narxlar esa 8800 so‘mgacha) yuqori oktanli benzin markalari narxining oshishiga olib kelmasligini ta’kidladi. Ammo ayrim shoxobchalarda imtiyoz bekor qilingan birinchi kunning o‘zidayoq Ai-91 va boshqa benzinlarning narxi oshdi.

Davlat organining ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda benzin yetkazib berish hajmi bo‘yicha muammo yo‘q.

2022-yilda mamlakatda 1,255 million tonna benzin ishlab chiqarilgan, 121,3 ming tonna import qilingan, iste’molchilarga 1,318 million tonna benzin yetkazib berilgandi. 2023-yilda ishlab chiqarish hajmi 1,334 million tonnani tashkil etdi, 400 ming tonna import qilindi (shundan 120 ming tonnasi Ai-80). Iste’molchilarga 1,46 million tonna yonilg‘i yetkazib berildi. Ushbu hajmning 1,144 millioni Ai-80 benziniga to‘g‘ri keldi: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 891,2 ming tonna, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 252,8 ming tonna ishlab chiqarilgan.

2024-yilda iste’molchilarga barcha markalar bo‘yicha jami 2,28 million tonna benzin yetkazib berish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Ai-80 ishlab chiqarish 1,094 million tonnagacha kamayishi, ushbu turdagi yonilg‘ining markazlashtirilgan importi esa 200 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda (tadbirkorlarning xaridlarini hisobga olmaganda).

Benzin importi hajmi yil sayin ortib bormoqda. O‘tgan yili 2022-yilga nisbatan 279 ming tonna ko‘p import qilingan bo‘lsa, joriy yilda 2023-yilga nisbatan 600 ming tonnaga ko‘proq import qilish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston iste’molchilarining benzinga bo‘lgan kunlik talabi o‘rtacha 5 ming tonnani (shundan 3650 tonnasi Ai-80) tashkil etadi. Havo harorati pasayganda, odatda, aholi va ijtimoiy obyektlarni gaz bilan ta’minlash maqsadida gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritiladi. Natijada benzinga bo‘lgan kunlik talab 8 ming tonnaga (shundan 7,5 ming tonnasi Ai-80) oshadi.

“Mamlakatimizda benzin taqchilligi kutilmayapti. Bizda yetarli miqdorda benzin bor, shuningdek, xalq orasida „arzon benzin“ deb nomlanuvchi Ai-80 ham yetarli. Shu sababli hamyurtlarimiz benzin haqida qayg‘urishi shart emas. Darhaqiqat, vijdonsiz tadbirkorlar tomonidan firibgarlik holatlari mavjud. Biroq bunday holatlar vazirlik huzuridagi „O‘zenergoinspeksiya“ va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan darhol bartaraf etiladi”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Vazirlik ekspertlarga tayanib, Ai-80 benzini “aslida ekologik jihatdan zararli ekanini va barcha rivojlangan davlatlar ushbu benzin markasidan allaqachon voz kechganini” ta’kidladi.

“Tabiatga yetkazayotgan zararidan tashqari, avtomobillarning texnik holatiga yetkazayotgan zarari ham katta. Xususan, benzinning oktan soni uning detonatsiyaga moyillik ko‘rsatkichi bo‘lib, past oktanli benzin, jumladan, Ai-80 benzinidan foydalanish ichki yonuv dvigatelining anormal ishlashiga va muddatidan oldin ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi, ta’kidlanganidek, “iqtisodiy rivojlanish uchun ham, atrof-muhitni yaxshilash uchun ham imkoniyat yaratadi”.