O‘zbekistonda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda (hozirgi tahrir 2013-yilda qabul qilingan). Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning 21-dekabrdagi qarorida so‘z boradi.

Qonun loyihasini 1-martgacha “mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib” ishlab chiqish topshirildi. U yangi tashkil etilgan O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.

Qonunning yangi tahririda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • hududlarning tarixiy xususiyatlari va aholi punktlarining geografik joylashuvini hisobga olgan holda mahallalarni tashkil qilishning aniq mezonlarini belgilash;
  • “mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorlikda ishlash mexanizmlari hamda ularning kollegial mas’uliyati va javobgarligi doirasini aniq belgilash, mahalla raisining ularning sa’y-harakatlarini birlashtirish va yo‘naltirish, rag‘batlantirish va intizomiy jazolash bo‘yicha vakolatlarini mustahkamlash;
  • mahalla tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha oshirilgan koeffitsiyentlar qo‘llash yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taklif kiritish;
  • “mahalla yettiligi” tarkibidagi lavozimlarga tayinlashda ushbu mahallada yashovchi nomzodlarga ustuvorlik berish;
  • mahalla raisining so‘roviga javob bermaslik yoki taqdimnomasida qo‘yilgan masalani ko‘rib chiqmaslik uchun javobgarlik belgilash;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalla raislari o‘z faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganda, ularga nisbatan ishonchsizlik bildirish va ushbu masalani ko‘rib chiqish vakolatlarini berish.

“Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonun (2018-yilda qabul qilingan) ham yangi tahrirda qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Unda mahalla raisi saylovini aholi tomonidan umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkazish, shuningdek, mahalla raisining ma’lumoti va malakasiga qo‘yiladigan talablar aks ettiriladi.

Qonunda ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan boshqa masalalar qatorida mahalla raisining vakolat muddatini uch yildan besh yilgacha uzaytirish ham bor.

Avvalroq “Gazeta.uz” prezidentning shu sanadagi farmoni bilan Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi va Mahallalar uyushmasi tasdiqlangani haqida yozgandi. Hujjatda mahalla “aholi muammolarini hal etishning tayanch bo‘g‘ini” sifatida qayd etilgan. Yangi yildan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etilishi belgilangan.

Xuddi shu farmonda “mahalla yettiligi”ning (avvalgi “beshlik”) har bir a’zosining vazifalari belgilab berilgan. Ularning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha baholanadi. Hukumatda “yettilik”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etilmoqda.