28-dekabr kuni Toshkent shahri xalq deputatlari kengashi shahar va tumanlarning 2024-yilgi budjetini tasdiqladi. Kengash raisi tomonidan imzolangan Toshkentning bosh moliyaviy hujjati jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmadi.

Kengash sessiyasi 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tdi, biroq yig‘ilish jonli efirda ko‘rsatilmadi, yozib olingan videosi ham hech qayerda e’lon qilinmadi. Hokimlik Telegram kanalida e’lon qilingan press-relizda 2024-yilgi budjet qabul qilinishi haqida so‘z bormagan.

2024-yilda shahar (shu jumladan, tumanlar) budjetining xarajatlari 9,68 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, bu 2023-yil prognoziga (7,74 trillion so‘m) nisbatan 26,3 foizga ko‘pdir. Xarajatlar jumlasiga respublika budjetidan 513,8 mlrd so‘mlik transfertlar ham kiradi.

Poytaxt budjeti tumanlarni hisobga olmaganda 8,077 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (6,41 trln so‘m) 26 foizga ko‘p.

Barcha xarajatlarning to‘rtdan bir qismi issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga aholiga ko‘rsatilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Buning uchun 1,97 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu 2023-yil prognozidan (1,6 trillion so‘m) 22,8 foizga ko‘pdir.

Xarajatlar tarkibiga, jumladan, quyidagilar kiritilgan: tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlar — 232,57 milliard so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ, suveren jamg‘arma) kreditini qaytarish uchun mablag‘lar — 234,88 milliard so‘m, shuningdek, chet el kreditlarini qoplash bo‘yicha mablag‘lar — 12,99 mlrd so‘m.

Jamoat transportining brutto shartnomasi asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun subsidiyalar bo‘yicha 1 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda bu maqsadda davlat budjetidan 412 milliard so‘m mablag‘ ajratilgandi.

Brutto shartnomalar yo‘lovchi tashishni tashkil etish modeli bo‘lib, unda barcha tushumlar shahar budjetining maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi va shahar ma’muriyati tashuvchiga yo‘nalishlar bo‘yicha tashuvlarni amalga oshirgani uchun bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda ularning sifatini nazorat qilish sharti bilan haq to‘laydi. Bu haqda “Gazeta.uz” batafsil yozgandi.

Metropolitenda aholiga cheklangan tariflarda xizmat ko‘rsatish natijasida ko‘riladigan zararni qoplash xarajatlari — 575,7 mlrd so‘m. Bu avvalgi (141,8 mlrd so‘m) rejalashtirilganidan 4 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, dekabr oyi oxirida joriy yilgi budjet to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, poytaxt metropolitenidagi yo‘qotishlarni qoplash uchun respublika budjetidan 278,5 milliard so‘m ajratildi.

Obodonlashtirish bosh boshqarmasi budjetini 14,7 foizga — 474,7 milliard so‘mdan 544,6 milliard so‘mga, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi budjetini 2,1 trillion so‘mga (+13,9 foiz), Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi budjetini 485,99 mlrd so‘m (+37,9%)ga oshirish rejalashtirilgan.

Ko‘p qavatli uylardagi liftlarni ta’mirlash va yangilashga 143,2 mlrd so‘m (+10%, 130,2 mlrd so‘m edi) sarflash rejalashtirilgan. 2021-yil boshida Monopoliyaga qarshi qo‘mita ko‘p qavatli uylarda liftlarni ta’mirlash va o‘rnatish sohasida “Texnopark” (ta’sischisi — Toshkent hokimligi) monopoliyasiga qarshi chiqqandi.

“Gazeta.uz” avvalroq 2024-yilda Toshkent budjeti daromadlari qanday bo‘lishi kutilayotgani haqida yozgandi.