O‘zbekiston avtomobillar va elektromobillarni olib kirish qoidalarini kuchaytirishi mumkin. Bu idoralararo muhokamadan o‘tayotgan “Respublika hududiga yengil avtomobillar olib kirishni va ularning muvofiqligini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasida qayd etilgan.

“Gazeta.uz” o‘rganib chiqqan hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxslarning avtomobil olib kirishi cheklanishi mumkin. Xususan, ularga faqatgina kalendar yili davomida o‘z nomiga bittadan ortiq bo‘lmagan avtotransport vositalarini o‘z foydalanishlari uchun olib kirishga ruxsat berilishi mumkin. Bundan tashqari, 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan tijorat maqsadlarida avtomobillarni olib kirishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

Bu chora, ehtimol, mijozlar buyurtmasiga ko‘ra, avtomobillarni chet eldan, asosan Xitoydan yetkazib beradiganlarga qaratilgan.

Shu bilan birga, davlat korxonalari, ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan hamda O‘zbekiston hududida sotish uchun mo‘ljallanmagan avtotransport vositalarini majburiy sertifikatlashdan ozod qilish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda yirik-uzelli yig‘ish usuli bilan ishlab chiqariladigan va respublika hududiga tijorat maqsadlarida olib kiriladigan transport vositalari, elektrobus va eletromobillarga xorijiy davlatlarining mavjud sertifikatlari yoki akkreditatsiyalangan laboratoriyalari tomonidan taqdim etilgan sinov bayonnomalari asosida hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyalangan laboratoriyalarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, transport vositasini turini ma’qullash hujjatlarini rasmiylashtirishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.

Transport vositasini turini ma’qullash — bu mamlakatda ilgari foydalanilmagan ma’lum bir avtomobil modeli uchun texnik xususiyatlarning qonuniyligi va xavfsizligini tasdiqlovchi sertifikat.

Bundan tashqari, davlat reyestriga kiritilgan transport vositasining turini ma’qullash hujjatlari asosida, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun bir kalendar yilida respublika hududiga bir dona takroran olib kirilgan (import) shu turdagi transport vositalarini, qayta sinov va sertifikatlashtirilmasdan erkin muomalaga chiqarishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-yanvardan boshlab nafaqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlariga, balki boshqa import qiluvchilarga ham yangi import qilingan avtomobillarni sotishga ruxsat berildi. Keyinchalik dilerlar ushbu qarorning salbiy oqibatlarini ma’lum qildi. Qaror loyihasida yangi import qilingan avtomobillarni faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqarish korxonalarining rasmiy dilerlari orqali, servis markazlarini tashkil etish sharti bilan sotish tartibini tiklash rejalashtirilgan.

Yil davomida 50 dan ortiq elektromobil sotgan tadbirkorlardan ularning uzluksiz ishlashini ta’minlagan holda quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatishni talab qilish taklif qilinmoqda.

Bojxona qo‘mitasiga quyidagilar topshirilishi rejalashtirilgan:

  • davlat reyestriga kiritilgan transport vositasining turini ma’qullash hujjatlari asosida jismoniy shaxs tomonidan respublika hududiga takroran olib kiriladigan (import) shu turdagi transport vositalarini erkin muomalaga chiqarilishi ta’minlash;
  • yuridik shaxslar tomonidan sertifikatlashtirish yo‘li bilan olib kirilayotgan transport vositalari soni bir kalendar yilida 50 tadan oshgan taqdirda ularning turini tasdiqlash hujjatisiz bojxona rasmiylashtiruviga o‘tkazilmasligini qat’iy nazoratga olish;
  • 2024-yilning 1-yanvar kunidan bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga o‘tkazish normasi transport vositalariga nisbatan tatbiq etish, bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan avtotransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlash. Ya’ni, bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan transport vositasidan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash nazarda tutilmoqda;
  • transport vositasini sinash uchun bojxona omboridan 3 kungacha olib chiqishga ruxsat berish.

Bir kalendar yili doirasida nafaqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, balki uning hududiga olib kirilayotgan barcha modifikatsiyalarini ham o‘z ichiga olgan, toifasiga qarab belgilangan bir turdagi avtotransport vositalari (shassilari) soni avtotransport vositalarining (shassilarning) kichik partiyasi deb tan olinishi rejalashtirilmoqda. M1, M2, M3, N1, N2, N3, O1 — O4, L1 — L7 toifalaridagi avtomobillar uchun kichik partiyaning maksimal hajmi 50 dona bo‘ladi.

Bunday holda, sotuvchi avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatish (servis)ni tashkil qilishni ta’minlashi kerak.

Agar ilgari o‘tkazilgan testlar bayonnomalari e’tirof etilgan bo‘lsa, bayonnomalar bo‘yicha da’vo muddati ular ro‘yxatga olingan kundan boshlab uch yildan (hozir ikki yildan) oshmaydi.