Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) bosh direktori Sherzod Habibullayev “Daryo”ga bergan intervyusida Toshkent shahrida havo ifloslanishining sabablari haqida gapirdi.

Dekabr oyining bir qancha kunlarida IQAir indeksi poytaxt havosi sifati “zararli” ekanini ko‘rsatdi: PM2,5 (o‘lchami 0,001 dan 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan mayda zarrachalar) 14-dekabrda 108,8 mkg/m3`ni tashkil etdi (JSSTning kunlik tavsiyasi — 15 mkg/m3, yillik — 5 mkg/m3).

O‘tgan oy uchun havo sifati indeksi (AQI) ko‘rsatkichlariO‘tgan oy uchun havo sifati indeksi (AQI) ko‘rsatkichlari

PM2,5 bo‘yicha havo sifati indeksi (AQI) ko‘rsatkichlari.PM2,5 bo‘yicha havo sifati indeksi (AQI) ko‘rsatkichlari.

22-dekabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi AQSh elchixonasida o‘rnatilgan havo sensori PM2,5 konsentratsiyasi 335 mkg/m3 ekanini ko‘rsatdi.

O‘zgidromet rahbarining so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyi o‘rtalarida qor yog‘ib, havo sovuqlashganda isitish tizimlari gazdan tashqari mazut va ko‘mir bilan ham ishlagan, bu poytaxt havosiga jiddiy ta’sir qilgan.

“Havo ifloslanishi ikki turga bo‘linadi. Ular tabiiy va texnogen omillardir. Tabiiy omilni qurg‘oqchilik, yog‘ingarchilik kamligi deb bilsak, texnogenda o‘z qo‘limiz bilan balansni ushlamasligimiz asosiy o‘rinda turadi. Ya’ni ishlab chiqarish tashkilotlari shaharga yaqin bo‘lgani, qurilishlar ko‘payishi, avtotransport vositalari soni oshgani va hokazolar. Kunduz kunlari [ko‘rsatkich] juda ham qizarib ketdi. Yaqinda Toshkentda qor yoqqanda gaz quvvatiga qo‘shimcha tarzda mazut yoqilgani havoga jiddiy ta’sir qilgan. Ayrim joylarda isitish tizimini ushlab turish uchun ko‘mir ham yoqilgan”, — deb tushuntirdi u.

Ifloslanish darajasining oshishiga ayrim gaz quyish shoxobchalari faoliyatining cheklangani yoki to‘xtatilgani ham ta’sir ko‘rsatdi, buning oqibatida Ai-80 benzini iste’molining keskin oshishi kuzatildi, bu ham texnogen omil hisoblanadi, dedi Sherzod Habibullayev.

“Bizda havo sifatini ko‘rsatuvchi datchiklar „qizardi“ (qizil zararli havoni bildiradi). Yaqin 10 kunlik ichida shunday holat kuzatildi. O‘tgan hafta shanba kuni datchik „yashil“ holatiga o‘ta boshladi. Ya’ni texnogen ta’sirlar havo ifloslanishiga ko‘proq ta’sir qilmoqda”, — dedi u.

O‘zgidromet rahbari poytaxtdagi havo ifloslanishining qariyb 50 foizi ichki omillar, qolgani esa tashqi omillar ta’sirida vujudga kelganini ta’kidladi. “Masalan, o‘tgan safar Jizzax viloyatidan Navoiy viloyatining cho‘l hududlari orqali katta miqdordagi chang oqimi kelgan. Ba’zan Qozog‘istondan [ifloslangan] oqimlar keladi”, — tushuntirdi Sherzod Habibullayev.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham yaqinda e’lon qilingan intervyusida Toshkent havosining sifati yomonlashishda davom etishini, odamlar 5 yildan keyin shaharni ommaviy ravishda tark etishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Ai-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalari haqida ilk bor 2020-yil iyun oyida “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayevning Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrifidan so‘ng xabar berilgandi. O‘shanda kompaniya matbuot xizmati zavodni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi tufayli bu yerda Ai-91, Ai-93 va Ai-95 yuqori oktanli benzin markalari ishlab chiqarilishini, Ai-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatilishini xabar qilgandi.

“O‘zbekneftgaz” 2022-yildan boshlab Ai-80 benzinini ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to‘xtatishni rejalashtirgandi, ammo hali ham benzinning bu markasi O‘zbekistonda eng xaridorgiri hisoblanadi.