Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunlarni ma’qullab beruvchi organga aylanmoqda. Bu haqda parlament quyi palatasi deputati Doniyor G‘aniyev “Lolazor” podkastida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda 2024-yilgi davlat budjeti loyihasi o‘tgan yilga nisbatan ertaroq taqdim etilgan, biroq qonunda belgilangan muddatdan (15-oktabr) baribir 20 kunga kechikkan.

“Bu yil [davlat budjeti loyihasi Qonunchilik palatasiga] erta kir[itil]ganining foydasi bo‘ldi qisman. Ya’ni qaysi ma’nodaki, o‘sha ikki hafta bemalol fraksiyalar doirasida yoki ishchi guruhlar doirasida savollarimizni berish imkoniyati bo‘ldi. To‘g‘ri, hech qaysi punktini deyarli o‘zgartirolmaymiz, lekin, hech bo‘lmasa, nimaga ovoz berayotganimizni, qaysi pul qayerga ketayotganini, qaysi pul ko‘payib, qaysi pul kamayayotganini bilish imkoniyati paydo bo‘ldi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy tahrirdagi budjet ma’lumotlari to‘liq bo‘lmagan shaklda taqdim etiladi, shu sababli odamlar budjet moddalarini tushunmasligi, noto‘g‘ri talqin qilishi mumkin.

“Keyin [budjet bandlarining] ichini ochishni so‘raysiz. Keyin ular bitta-bitta hujjatini tikib olib keladi „bu mana shu qaror bilan [qabul qilindi], buning o‘zagi bu yerda, pul bunaqa edi“, deb. Bunga baribir vaqt ketadi. Agar bizda mana shu ikki hafta vaqt bo‘lsa,… har bitta pul nima asosda, qaysi hujjat bilan ketayotganini bilish imkoniyati paydo bo‘ladi, shu xolos”, — dedi deputat.

Doniyor G‘aniyev qonunchilikka ko‘ra, parlament quyi palatasi qonun chiqaruvchi organ sifatida qonun loyihasiga o‘zgartirishlar kiritishi, uni qabul qilishi yoki rad etishi mumkinligini ta’kidladi.

“Bizda noto‘g‘ri qarash bor: masalan, [biror] hujjat [ko‘rib chiqish uchun] kelsa, „Nimaga bu noto‘g‘ri, keling, buni bunday qilaylik“, desangiz, aytiladi: „Buni hukumat olib keldi, demak, hukumat bir narsani hisobga olgan. Kelinglar, o‘tkazib beraylik. Agar o‘zimizning fikrimiz bo‘lsa, o‘zimiz alohida tashabbus qilamiz. Bu hukumatning tashabbusi, bunga tegmaylik“. Biz xuddi Senatga o‘xshab ma’qullab beruvchi organdek [bo‘lib qolganmiz], funksiyamiz Senatnikidek bo‘lib qolgan”.

Parlament a’zosi 2024-yilgi budjetning umumiy ko‘rsatkichlari (daromadlar, xarajatlar, konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi va boshqa ko‘rsatkichlar) o‘zgarmaganini va hukumat tomonidan ko‘rsatilgandek saqlanib qolayotganini tan oldi.

Deputat parlamentga kiritilgan 2023-yilgi davlat budjeti xarajatlarini pul sarflab bo‘linganidan keyin 32 trillion so‘mga oshirish bo‘yicha o‘zgartishlarga ovoz bermaganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Qonunchilik palatasi dastlab to‘qqiz oy davomidagi budjet ijrosi hisobotini ko‘rib chiqqan va tasdiqlagan, bunda kamomad cheklangan 3 foizdan oshib ketgan. Doniyor G‘aniyev, avvalo, budjetga defitsitni YAIMning 3 foizidan 5,5 foizigacha oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni, keyin esa hisobotni qabul qilishni taklif qilgan — hammasi “hech bo‘lmaganda qog‘ozda” izchil bo‘lishi uchun.

“Shunda ko‘pchilik mendan xafa bo‘ldi. Signallar keldi: „Sen noto‘g‘ri gapiryapsan, hukumatga nisbatan juda qo‘pol bo‘lyapsan“. Men pul ishlatilganiga qarshilik qilolmayman… Lekin, keling, birinchi kamomadni ko‘tarib beraylik, keyin „mana shu ko‘targanimiz uchun bular ishlatib qo‘yishibdi to‘qqiz oy ichida, bu qonuniy, biz ko‘tarib berganmiz“ tarzida qilaylik, dedim. Lekin bu baribir bo‘lmadi, shuning uchun 2023-yil ijrosida ham, to‘qqiz oylikda ham „ne tolko“ ovoz bermadim, yig‘ilishda ham qatnashmadim”, — dedi deputat.

Qonunchilik palatasi a’zosi 2024-yilgi soliq siyosatining ayrim qismlariga ta’sir o‘tkazishga harakat qilgan.

“2024-yil [budjeti] borasida mening 4−5 ta masalada savolim bor edi. Lekin, yomon tomoni, bitta masalada baxs qilsangiz, dialog bo‘lishi uchun kamida 3 marta so‘z olishingiz kerak-da. Siz 3 marta so‘z olganingizdan keyin bo‘ldi, hamma sizga xunuk qarashni boshlaydi. Chunki asabiga tegasiz, vaqtini olyapsiz. Shunaqa bo‘ldi va “uje” 2024-yilnikida hech kim meni qo‘llab-quvvatlamayapti-da. Shundan keyin men aytdim: “Xo‘p, 2024-yilgi yangi budjetga ta’sir qilolmasam, o‘tib ketgan narsaga (2023-yil budjeti haqida — tahr.) nima qilaman gapirib, xunuk ko‘rinib?” — deya ta’kidladi u.

Deputat Qonunchilik palatasi qonunchilik tashabbusi bilan chiqishi mumkinligini, biroq u moliyaviy xarajatlar bilan bog‘liq bo‘lsa va budjetga ta’sir etsa, bu masalani hukumatning iqtisodiy kompleksi bilan muvofiqlashtirishi kerakligini ta’kidladi. “Agar ular ijobiy xulosa bermasa, bizning tashabbus huquqimiz nol-da. Ya’ni siz tashabbus qilaverasiz, lekin unga ijobiy xulosa olmaganingiz uchun qonunni olib chiqa olmaysiz”, — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib oluvchi kompaniyalar uchun yana bir imtiyoz joriy etiladi. Kelgusi ikki yilda metall va uglevodorodlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan korxonalarni renta solig‘idan doimiy ravishda ozod qilish rejalashtirilgan. Doniyor G‘aniyev bunga qarshi chiqdi, biroq hamkasblari baribir normani qabul qildi. Hatto palata spikeri Nuriddinjon Ismoilov ham hukumat taklif qilgan konsepsiyani o‘zgartirmaslik yaxshiroq ekanini aytdi.