7-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudi Surxondaryo viloyati hokimining sobiq birinchi o‘rinbosari, Denov va Qiziriq tumanlarining sobiq hokimi Rustam Pardayevga oid jinoiy ishni ko‘rib chiqishni yakunladi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi. “Gazeta.uz” oktabr oyida Pardayev ishi haqida yozgandi.

44 yoshli Rustam Pardayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik), 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida (Takroran mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sud unga 2 yil 6 oy muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Rustam Pardayev va uning himoyachilari birinchi instansiya sudining qarori ustidan shikoyat tayyorlamoqda, dedi Aziz Abidov.

Rustam Pardayev 2007—2017-yillarda “Mikrokreditbank”ning Jarqo‘rg‘on tumani filiali boshqaruvchisi va viloyat filiali boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Keyin Surxondaryo iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish, investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalariga rahbarlik qilgan. Viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2020-yildan 2022-yil yanvarigacha Denov tumani hokimi lavozimida ishlagan, 2022-yil yanvar oyida Qiziriq tumani hokimi etib tayinlangan. To‘ra Bobolov 2022-yil 26-dekabrda viloyat hokimi lavozimidan ozod etilganidan bir oy o‘tib, 2023-yil 25-yanvarda Surxondaryoning 13 ta tumani hokimlari bir kunda almashtirilgandi, jumladan, Rustam Pardayev ham.

Avvalroq Surxondaryoning Sho‘rchi tumani sobiq hokimi Baxtiyor Xudoyberganovning ozodligi 4 yilga cheklangani haqida yozgan edik. O‘sha kuni viloyatda ishdan bo‘shatilgan 13 nafar hokim qatorida u ham bor edi.