Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jizzakh Auto o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, 103 tez tibbiy yordam xizmatiga navbatdagi 100 dona A toifali Volkswagen Caddy avtomashinalari topshirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

volkswagen caddy, tez tibbiy yordam

Avtomobillar Respublika tez tibbiy yordam markazining Buxoro, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri filiallariga taqsimlanadi.

Noyabrda SSVga 108 ta Volkswagen Caddy tez yordam avtomobili topshirilgandi. sentabrda Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi filiallariga 100 ta mashina yetkazilgan.

Avgust oyida A toifali 50 ta Volkswagen Caddy Qashqadaryo va Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi 103 shoxobchalariga topshirilgandi.

Mazkur ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha prezident qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bunga Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki imtiyozli kreditlar ajratgan.

Ma’lumot uchun, yangi avtomobillar barcha so‘nggi talablar asosida zamonaviy va qulay texnikalar bilan jihozlangan, ular samarali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni kafolatlaydi. Avtomobil tibbiy salonida shovqin va tebranish izolyatsiyasi, bemorni namlantiruvchi kislorod bilan ta’minlash tizimi, dastakli infuzion tizim, bemorni tashish uchun ko‘p funksiyali nosilkalar hamda konditsioner tizimi bor.