Davlat tashkilotlari va idoralari arxivga saqlash uchun topshirishi lozim bo‘lgan hujjatlarni “Idoraviy elektron arxiv”ga (arxiv.gov.uz) yuklash imkoniyatiga ega bo‘ladi. “O‘zarxiv” agentligi ushbu tizimni taqdimot qildi.

Prezidentning 5834-sonli farmoniga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan davlat tashkilotlari hujjatlarni arxivda saqlashi, shuningdek, ularning elektron nusxasini yaratishi (raqamlashtirishi) shart.

“O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov (o‘rtada)“O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov (o‘rtada)

Davlat tashkilotlarining ichki ish yuritish uchun idoralararo hujjat aylanish tizimi (edo.ijro.uz) mavjud. Unda ijro hujjatlari onlayn rejimda shakllantiriladi va imzolanadi. Biroq u hujjatlarni arxivga yuborish funksiyasiga ega emas edi.

Bugunga qadar tashkilot va idoralar hujjatlarni arxivga saqlash uchun uni qog‘oz shaklida yoki elektron qurilmalarda (disklar yoki fleshkalarda) topshirishga majbur edi.

Arxiv.gov.uz tizimi muammoning yechimi bo‘ldi. Endilikda edo.ijro.uz tizimining “Mening hujjatlarim” bo‘limida “Arxivga yuborish” tugmasi paydo bo‘ladi. Uning yordami bilan hujjatlar idoraviy elektron arxivga yuborilishi mumkin. Biroq bundan oldin arxiv.gov.uz`ga ishlar nomenklaturasini (ish nomlarining tizimlashtirilgan ro‘yxati) kiritish zarur, deb tushuntirdi “O‘zarxiv” agentligi matbuot kotibi Anvar Aliyev “Gazeta.uz”ga bergan izohida. Uni to‘ldirish hujjatlarni tarqatish va qidirishni soddalashtiradi.

“O‘zarxiv” agentligi matbuot kotibi Anvar Aliyev (o‘rtada)“O‘zarxiv” agentligi matbuot kotibi Anvar Aliyev (o‘rtada)

Tizim “O‘zarxiv” agentligi hamda Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan va xuddi shu tashkilotlar tomonidan sinovdan o‘tkazilgan. Saytni to‘liq ishga tushirish 2024-yilga mo‘ljallangan. Sayt ishga tushirilishi bilan davlat arxivi manbasi hisoblangan 8 mingga yaqin davlat organi va tashkilotlari hamda 100 mingdan ortiq foydalanuvchi tizimga ulanishi kutilmoqda. Texnik yordam Call-markaz tomonidan amalga oshiriladi.