O‘zbekiston davlat budjetidan avtomobillarni eksport qilishda “yo‘l xarajatlari”ni qisman qoplash uchun 200 mlrd so‘m ajratiladi. Bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek, prezident tomonidan ma’qullangan 2023-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan. “Gazeta.uz” hujjat bilan tanishib chiqdi.

Biz avvalroq mablag‘larning katta qismi sarflab bo‘lingan bo‘lsa-da, deputatlar va senatorlar tomonidan yil yakuniga ko‘ra davlat xarajatlarini qariyb 2 mlrd dollarga oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar ko‘rib chiqilgani haqida xabar bergandik. Hukumat yana xarajatlar chegarasini ushlab turolmadi, shuning uchun tashqi qarzlar va budjet taqchilligi bo‘yicha limit oshirildi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchilarga tushgan mablag‘ni 2022-yil oxiridayoq “O‘zavtosanoat” korxonalari — UzAuto Motors va Samarqand avtomobil zavodiga (SamAuto, 51,9 foizi UzAuto Commercial Vehicles Management) ajratmoqchi bo‘lishgandi.

O‘shanda hukumat mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarga ular avtomobillarni eksport qiladigan mamlakatlarda utilizatsiya yig‘imlarini to‘lashlari uchun 224,5 mlrd so‘m ajratishni taklif qilgandi. Deputat Doniyor G‘aniyev buni shunday ta’riflagandi: bu boshqa davlatlar aholisi sotib oladigan avtomobillarga o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar to‘laydigan, tadbirkorlar o‘z avtomobillarini xorijda arzonroq sota olishi uchun yig‘im.

O‘shanda parlament a’zosi monopolist korxonalarni qo‘llab-quvvatlash qanchalik ustuvor va to‘g‘ri qaror ekanligiga ham qiziqqandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov bu nafaqat UzAuto Motors, balki mahalliy eksportchilarning transport xarajatlari bilan bog‘liq, deb javob bergandi.

“Gazeta.uz”ning vaziyatdan xabardor manbasiga ko‘ra, sobiq moliya vaziri Timur Ishmetov (hozirda Prezident administratsiyasida ishlaydi) budjetda mablag‘ yo‘qligi sababli bu maqsadlar uchun pul o‘tkazmagan.

2023-yilda budjet taqchilligi yanada kattalashganiga qaramay, yakunda bu summani ajratishga qaror qilindi. Qo‘shimcha hujjatlarda buning asosi sifatida “yopiq qaror” ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, 2024-yildan 2021-yilda boshlangan avtomobillarni eksport qilishda utilizatsiya xarajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratish amaliyotini to‘xtatish rejalashtirilmoqda, deya ta’kidladi “Gazeta.uz” manbasi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning to‘qqiz oyida UzAuto Motors`ning daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,5 trln so‘mdan 38,1 trln so‘mgacha (+11,5 trln so‘m, 43,5 foiz) oshdi, mahsulot tannarxi esa 22,3 trln so‘mdan 33 trln so‘mgacha oshdi (+47 foiz). Sof foyda 1,84 trln so‘mdan 1,93 trln so‘mga (+5,2 foiz) oshgan.

“Gazeta.uz” Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda UzAuto Motors`ga so‘rovlar yubordi va javob kutmoqda.