Senat raisi Tanzila Narbayeva 25-dekabr kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda internetda tarqalgan, O‘zbekiston mustaqilligi bilan bog‘liq bayonotlar bo‘yicha fikr bildirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Internetda „O‘zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz“, degan qandaydir chiqishlar bo‘lganini ko‘ryapsizlar. O‘zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi. Sizlar buni bilasizlar, bu narsani sizlarga targ‘ibot qilishim kerak emas. Hammangizning yuragingizda shu bor”, — dedi Senat raisi.

Shuningdek, Tanzila Narbayeva yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha qilib, nima uchun jadidlar faoliyatini o‘rganish muhimligiga to‘xtaldi.

“Nima uchun prezidentimiz jadidchilik faoliyatini oldinga surishga harakat qilyaptilar? Chunki buni har birimiz bilishimiz kerak. Prezident „Bularning har birini o‘rganinglar“, deyaptilar. Jadidlarimiz o‘y-xayollarimiz ham, ishimiz ham bir bo‘lishi kerakligini qayd etgan. Jadid otalarimiz, onalarimiz o‘zimizni har xil narsalardan himoya qilib, yorug‘likka chiqishimiz, zamonaviy ilm-fan, zamonaviy kasblarni egallashimiz kerakligiga da’vat etgan”, — deya qayd etdi u.

“Ular necha yillab qorong‘ilikda qolib ketgan. Hozir hurmatli prezidentimizning harakatlari bilan ular yorug‘likka chiqdi. Dunyoni tark etgan bo‘lishsa ham, ularning avlodlari bor. Mana shu avlodlar hozir xursand bo‘lishyapti, davlat mukofotlarini olishyapti. [Jadidlarimizning] barchasi oqlanyapti. Mana shularning barchasining qadriga yetishimiz kerak”, — dedi Senat raisi.

Bir necha kun avval prezident ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz berayotganini aytib o‘tgandi.

“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish, albatta, oson bo‘lmayapti”, — degandi davlat rahbari.

Rahbarlarning bu kabi bayonotlari rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi taklifidan so‘ng berilmoqda.

Bundan chiqish ortidan O‘zbekiston TIV Rossiya elchisini vazirlikka taklif qilgan bo‘lsa, Mudofaa vazirligi O‘zbekiston o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli Qurolli Kuchlarga ega ekanini ta’kidladi.

Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova suverenitetni hurmat qilish o‘zaro majburiyat ekani, Prilepinning taklifi Rossiyaning rasmiy pozitsiyasidan ancha uzoqdaligini ma’lum qildi.