Kolorado Oliy sudi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni prezidentlik saylovida qatnashish huquqiga ega emas deb topdi va uni bo‘lajak saylovlarda shtatning ovoz berish byulletenidan olib tashlashni buyurdi, deb yozmoqda CBS. Bu Tramp ushbu shtatda 5-mart kuni bo‘lib o‘tadigan respublikachilarning praymerizlarida qatnasha olmasligini bildiradi.

Sud bu qarorni AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatish asosida qabul qilgan. Tuzatishning uchinchi moddasiga ko‘ra, qo‘zg‘olonda qatnashgan mansabdor shaxslar hukumat lavozimini egallashi mumkin emas. Avvalroq Tramp Kapitoliyga bostirib kirish va 2020-yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilishga urinishda ayblangan edi. Siyosatchi bu ayblovlarni tan olmaydi.

Sudning qarori misli ko‘rilmagan bo‘ldi, deb ta’kidladi CBS. Chunki AQSh tarixida birinchi marta sud prezidentlikka nomzodni Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatishga ko‘ra diskvalifikatsiya qildi.

14-tuzatishning uchinchi qismi 1868-yilda fuqarolar urushidan keyin sobiq Konfederatsiya amaldorlarini hokimiyatdan chetlatish uchun qabul qilingan. Zamonaviy davrda u kamdan-kam qo‘llanadi.

Ushbu sud qarori faqat Kolorado shtati uchun amal qiladi va 4-yanvargacha kuchga kirmaydi. Siyosatchining saylovoldi shtabi qaror yuzasidan AQSh Oliy sudiga apellyatsiya shikoyati berilishini bildirdi.

Umuman olganda, 2024-yilgi saylovlar oldidan AQShning 25 dan ortiq shtatlarida Tramp nomzodiga qarshi saylovchilarning da’volari qo‘zg‘atilgan. Misol uchun, Kolorado sudiga da’vo olti nafar saylovchi nomidan berilgan.

Avvalroq Minnesota va Michigan sudlari bir guruh saylovchilarning shu kabi da’volarini rad etgan edi. Masalan, Michigan Oliy sudi Trampni respublikachilarning praymeriz saylovlari byulletenidan chetlashtirishdan bosh tortgan va bu “partiyaviy maqsadlarga xizmat qiluvchi ichki saylov” ekanini tushuntirgan.

Sud qarori saylovga qanday ta’sir qilishi mumkin?

AQSh Oliy sudi apellyatsiyadan keyin qanday qaror qabul qilishi hozircha aniq emas, deb yozadi Reuters. Hozirda sudyalar tarkibida konservatorlar ko‘pchilikni tashkil etadi, ular orasida Tramp tomonidan tayinlangan uch nafar sudya ham bor.

Oliy sud Trampning apellyatsiyasini qanoatlantirmasa ham, bu noyabr oyidagi saylov natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi, deb ta’kidlaydi Reuters. Kolorado demokratik shtat sifatida qaraladi, ya’ni amaldagi prezident Jo Bayden Tramp bilan bog‘liq vaziyatdan qat’i nazar, u yerda g‘alaba qozonishi mumkin.

“Ammo shunga o‘xshash da’volar Tramp saylovda g‘alaba qozonishi uchun yutishi shart bo‘lgan “almashib turuvchi shtatlar”da qo‘zg‘atilishi mumkin. Bu sudlarning hech biri Kolorado sudining qaroriga bog‘liq bo‘lmasa-da, sudyalar yakuniy xulosaga kelish uchun uni sinchiklab ko‘rib chiqishi mumkin”, — deb ta’kidlaydi Reuters.

Bu haqda Washington Post ham yozdi. Nashrning qayd etishicha, agar boshqa shtatlar sudlari Koloradodagi kabi xulosaga kelsa, Trampning respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lish va saylovda g‘alaba qozonish yo‘li ancha qiyinlashadi, hatto imkonsiz bo‘ladi.

CNN’ga intervyu bergan tahlilchilar ham Kolorado sudi qarori poygaga ta’sir qilishi mumkinligini aytmoqda. Saylovda g‘alaba qozonish uchun nomzod 270 saylovchilar ovozlarini olishi kerak. Bunday ovozlardan jami 538 ta bor va ular shtatlar bo‘ylab notekis taqsimlangan — ovozlar miqdori aholi soniga bog‘liq. Misol uchun, 40 million aholiga ega Kaliforniya eng ko‘p — 55 saylovchilar ovozlariga ega.

“U [Tramp] Koloradodagi 10 ta saylovchilar ovozlari uchun kurashishga majbur emas, — dedi CNN siyosiy sharhlovchisi Alissa Farah Griffin. — Ammo sud shunday qaror qabul qildi va bu saylovchilarda tarixda birinchi marta u prezidentlikka nomzod bo‘lishga loyiq emas degan kayfiyatni uyg‘otadi”.

Sobiq prezidentga nisbatan jinoiy ishlar

Trampga qarshi allaqachon to‘rtta jinoiy ish ochilgan. U har bir ayblov bo‘yicha o‘z aybini rad etadi. Gap Gruziyadagi 2020-yil saylovi natijalarini bekor qilishga urinish, 2021-yil yanvaridagi Kapitoliyga bostirib kirish, maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilish va prezidentlik saylovoldi kampaniyasi mablag‘larini noqonuniy sarflash haqida ketmoqda.