Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida IT sohasi rivojlangani sari kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasining dolzarbligi oshayotganini ta’kidladi.

2023-yilning 11 oyida 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 70 foizi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari hisoblanadi.

Mamlakatda 50 ga yaqin to‘lov tizimi bo‘lib, ularning hammasi ham kiberxavfsizlik talablariga javob bermasligi qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, noyabr oyida IT vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga barcha elektron to‘lov tizimlari uchun yagona kiberxavfsizlik talablarini ishlab chiqish va ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.

Umuman, IT xizmatlari hajmini 20 trillion so‘mga, eksportni 800 million dollarga yetkazish, tarmoqlarda 130 ta axborot tizimini joriy qilish va 750 ta davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 11-noyabrda ayrim O‘zbekiston fuqarolarining bank kartalaridan katta miqdorda pul yechib olingan. Noma’lum shaxslar SMS kodlar himoyasini chetlab o‘tgan. Humo to‘lov tizimi va Markaziy bank esa hech qanday kiberhujum bo‘lmaganini bildirgan.

“Gazeta.uz” o‘quvchilari o‘z kartalaridan katta miqdorda pul yechib olingani haqida xabar bergan, biz jabrlanuvchilarning so‘zlarini e’lon qilgan edik.